Markaziy Osiyo degradatsiya tufayli 80 million gektardan ortiq yerini yo‘qotmoqda
Sentabr 18, 2026. 18:30 • 2 daq
• 5
TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda 80 million gektardan ortiq yer allaqachon degradatsiyaga uchragan va bu mintaqa hududining qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 24 millionga yaqin kishi yoki mintaqa aholisining deyarli 30 foizi degradatsiyaga uchragan yerda yashamoqda. Bu jarayonning yillik iqtisodiy zarari 2–6 milliard dollarga baholanmoqda.
Iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda: Markaziy Osiyo o‘rtacha global ko‘rsatkichdan taxminan ikki baravar tezroq isimoqda, mintaqadagi muzliklar maydoni esa so‘nggi 50 yil ichida taxminan 30 foizga qisqargan.
Degradatsiyaning eng jiddiy ko‘rinishlaridan biri qum va chang bo‘ronlari bo‘lib qolmoqda. Qozog‘istonda hududning qariyb 78 foizi cho‘llanish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga kiradi, Orol dengizining qurigan tubidan esa har yili atmosferaga 75 million tonnagacha tuz va mayda chang ko‘tariladi.
Shu bilan birga, mintaqa davlatlari allaqachon yerlarni tiklash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubidagi ikki million gektar maydonga saksovul ekilgan, bir million gektar yerda esa tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llanilmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, yerlarni qayta tiklash bir vaqtning o‘zida ish o‘rinlari yaratish, aholining daromad manbalarini mustahkamlash va migratsiya bosimini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yerlarni qayta tiklashga kiritilgan har bir dollar sarmoya 30 yil ichida 5 dollargacha daromad keltirishi mumkin.
BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasida Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi harakatlari zarurligi qayd etilgan. Chunki yerlar degradatsiyasi, suv resurslari va chang bo‘ronlari bir vaqtning o‘zida bir nechta davlatlarga taʼsir ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi