Mundialdagi tarixiy debyutni xorijdagi vatandoshlar birgalikda tomosha qilishdi

Iyun 19, 2026. 12:00 • 2 daq

124
Mundialdagi tarixiy debyutni xorijdagi vatandoshlar birgalikda tomosha qilishdi
Mundialdagi tarixiy debyutni xorijdagi vatandoshlar birgalikda tomosha qilishdi
Mundialdagi tarixiy debyutni xorijdagi vatandoshlar birgalikda tomosha qilishdi

TOSHKЕNT, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatidagi ilk o‘yini munosabati bilan Nyu-York, Astana va Pekin shaharlarida vatandoshlar ishtirokida turli uchrashuvlar hamda o‘yinni jamoaviy kuzatish tadbirlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Nyu-York shahrida O‘zbekistonning BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Kotibiyatining yuqori lavozimli vakillari, tashkilotga a’zo davlatlar diplomatik missiyalari rahbarlari, diplomatik korpus va BMT xalqaro xodimlari ishtirokida maxsus tadbir uyushtirildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinini birgalikda kuzatib, jamoaning dunyo birinchiligidagi ishtiroki tarixiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Markaziy Osiyo davlatlari vakillari o‘zbek futbolchilarini faol qo‘llab-quvvatlab, ushbu muvaffaqiyat butun mintaqa uchun faxr-iftixor manbai ekanini alohida ta’kidladi. Tadbir davomida sportning xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim vosita ekaniga alohida e’tibor qaratildi.

Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda esa vatandoshlar, o‘zbek milliy-madaniy markazlari vakillari, tadbirkorlar, talabalar va qozog‘istonlik futbol muxlislari jam bo‘ldi. Yig‘ilganlar uchun O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsning jamoaviy translyatsiyasi tashkil etildi.

Pekin shahrida O‘zbekiston elchixonasi Xitoyda istiqomat qilayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarning uchrashuvini uyushtirdi. Tadbirda Xitoy oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘zbek diasporasi vakillari va xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Yurtimiz sportchilarining xalqaro maydonlardagi yutuqlari yangi avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish borasidagi izchil davlat siyosatining amaliy natijasi ekanligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, tadbir qatnashchilari elchixona hududida o‘rnatilgan katta LED ekran orqali O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qildi. Milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus tayyorlangan liboslarni kiygan vatandoshlarimiz butun o‘yin davomida o‘zbek futbolchilariga yuksak ishtiyoq bilan dalda berib turdi.

O‘tkazilgan ushbu tadbirlar O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokiga bo‘lgan qiziqish naqadar yuqori ekanligini yana bir bor namoyish etdi va xorijdagi yurtdoshlarimizni milliy jamoamiz atrofida jipslashtiruvchi muhim maydonga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish