Meksikadagi “FIFA Fan Festival”da o‘zbekistonliklar ham faol qatnashmoqda

Iyun 17, 2026. 12:30 • 4 daq

263
Meksikadagi “FIFA Fan Festival”da o‘zbekistonliklar ham faol qatnashmoqda
Meksikadagi “FIFA Fan Festival”da o‘zbekistonliklar ham faol qatnashmoqda
Meksikadagi “FIFA Fan Festival”da o‘zbekistonliklar ham faol qatnashmoqda

MЕXIKO, 17-iyun /“Dunyo” AA/. Shu kunlarda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi vakillari futbol bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan Meksikaning Mexiko shahrida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Diplomatlar safar davomida mamlakatimiz vakillarining FIFA Fan Festival (FIFA muxlislar festivali) tadbirlaridagi ishtirokini ta’minlash, yurtimiz turizm va madaniy salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz hamda rasmiy fan-klub a’zolarining tashrifini yuqori saviyada tashkil etishga bosh-qosh bo‘lishmoqda.

Hozirda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Turizm qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya Mexiko shahriga yetib keldi. Delegatsiya a’zolarining Polanko tumanidagi mehmonxonaga joylashuvi ta’minlanib, tadbirlarda ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy sharoitlar yaratildi.

Xizmat safari doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar, Madaniyat vazirliklari hamda Turizm qo‘mitasi vakillarining FIFA muxlislar festivali tadbirlarida ishtirokini ta’minlash yuzasidan tashkilotchilar va mas’ul hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi. Natijada tadbirlarga oid tashkiliy, texnik va logistik masalalar to‘liq muvofiqlashtirildi.

15-iyun kuni “Global Village” pavilonida O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyati keng ko‘lamda namoyish etildi. Tadbir davomida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan minglab mehmonlar va futbol muxlislariga mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda zamonaviy turizm imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Pavilonda milliy cholg‘u asboblari, xalq raqslari, hunarmandchilik namunalari va milliy liboslar kolleksiyasi namoyish etildi. Tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibi, jamoaning xalqaro maydondagi ishtiroki va mamlakat futboli rivojlanishi haqida ma’lumotlar berildi.

Elchixona va FIFA media jamoasi hamkorligida mazkur tadbirni FIFAning rasmiy axborot platformalari va ijtimoiy tarmoqlarida yoritish uchun maxsus videoreportaj tayyorlandi. FIFA mas’ullari bilan O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyatini xalqaro auditoriyaga kengroq yetkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

FIFA media vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston paviloni festivalning eng ko‘p tashrif buyurilayotgan va katta qiziqish uyg‘otayotgan nuqtalaridan biriga aylangan.

Elchixona vakillari “Mexico City Stadium”ga tashrif buyurib, FIFA rasmiylari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi va muxlislari uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi, stadion infratuzilmasi bilan tanishildi hamda tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi. FIFA vakillari O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bo‘lajak uchrashuvlarda muvaffaqiyat tiladi.

Shuningdek, “FIFA muxlislar festivali” tadbirlarida O‘zbekiston ishtirokini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida festival tashkilotchilaridan biri Alvaro Servino bilan muloqot o‘tkazildi. Unda 16-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan milliy musiqiy chiqishlar dasturi va tashkiliy jihatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Olib borilgan ishlar natijasida 16-iyun kuni O‘zbekiston san’atkorlari va ijodiy jamoalari uchun maxsus repetitsiya o‘tkazish bo‘yicha ruxsat olindi hamda zarur texnik imkoniyatlar ajratildi.

Bundan tashqari, FIFA mas’ul xodimlari bilan ishchi aloqalar o‘rnatildi. Tomonlar har ikki mamlakat muxlislarining xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarda tezkor axborot almashish va konsullik masalalari bo‘yicha hamkorlikni muvofiqlashtirish yuzasidan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Shu bilan birga, elchixona jamoasi Meksika Tashqi ishlar vazirligi xodimlari bilan qator ishchi muloqotlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida 17-iyun kuni mamlakatga yetib kelishi kutilgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy fan-klubi a’zolarining Meksika hududiga kirish jarayonlarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda Meksika tomoniga fan-klub a’zolarining to‘liq ro‘yxati taqdim etildi hamda ularning mamlakat hududiga to‘siqsiz va ortiqcha so‘rovlarsiz kirib kelishini ta’minlash bo‘yicha tegishli kelishuvlar shakllantirildi.

Rasmiy fan-klub a’zolarini kutib olish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Mexiko xalqaro aeroporti hududi atroflicha o‘rganildi. Aeroport ma’muriyati va mas’ul vakillar bilan muloqotlar o‘tkazilib, muxlislarni kutib olish, yo‘naltirish va zarur axborot bilan ta’minlash tartiblari kelishib olindi.

O‘rganishlar natijasida aeroport hududida muxlislar uchun zarur infratuzilma mavjudligi, jumladan, 10 dan ortiq restoran, kafe va tamaddixonalar, savdo shoxobchalari, dam olish hududlari hamda boshqa servis xizmatlari faoliyat yuritayotgani aniqlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish