Leningrad viloyatida O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat imkoniyatlari kengaymoqda
Sentabr 19, 2026. 11:00 • 2 daq
• 265SANKT-PETERBURG, 19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari mintaqaviy investitsiya «BRIEF» forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Forumda ma’lum qilinishicha, Leningrad viloyatida 194 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ularning 75 foizi ishchi mutaxassisliklarga, 25 foizi esa muhandis-texnik xodimlarga to‘g‘ri keladi. Qurilish va agrosanoat sohalari vakillari ham O‘zbekistondan keladigan ishchi kuchiga ehtiyoj yuqoriligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakili mehnat migrantlarini qonuniy va uyushgan tarzda ishga jalb qilish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda ayrim legallashtirish jarayonlarini O‘zbekiston hududida amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Hamkorlikning amaliy ko‘lami Kingisepp tumanida ham yaqqol ko‘rinadi. Ust-Luga porti qurilishida 16 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Tomonlar ularning mehnatiga ehtiyoj yuqoriligi va mahalliy aholi tomonidan shikoyatlar mavjud emasligini qayd etdi.
Ust-Luga porti Rossiyaning yirik port infratuzilmalaridan biri bo‘lib, 13 ta ixtisoslashtirilgan terminal orqali neft va neft mahsulotlari, ko‘mir, mineral o‘g‘itlar, umumiy hamda konteyner yuklarini qayta ishlaydi.
Uchrashuvlarda port infratuzilmasi xavfsizligi, tezkor axborot almashinuvi va Leningrad viloyatining Kingisepp tumani bilan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

