Bosh konsulxona Oqtovda qiyin vaziyatga tushgan vatandoshlarga yaqindan yordam bermoqda
Sentabr 14, 2026. 14:00 • 2 daq
• 156
OQTOV, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan ushbu hududda bo‘lib turgan hamyurtlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni Vatanga qaytarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Konsulxona tomonidan so‘nggi kunlarda qiyin vaziyatga tushib qolgan qator fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, 2 nafar yurtdoshimizga Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirishda ko‘maklashildi.
Shu bilan birga, 6 nafar hamyurtimizning O‘zbekistonga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilinib, ularning mamlakatimizga qaytishi taʼminlandi.
Fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Bosh konsulxona, Migratsiya agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida ushbu shaharga ishlash uchun kelgan, biroq turli sabablarga ko‘ra og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Uchrashuvda fuqarolarning murojaatlari batafsil o‘rganilib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi. Sayyor qabul davomida 5 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Ulardan 3 nafari voyaga yetmagan farzandlari bilan birga bo‘lgan.
Mazkur murojaatlar eʼtiborsiz qoldirilmadi. Joriy yilning 12 sentabr kuni Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Oqtov–Toshkent aviareysi orqali murojaat qilgan fuqarolarning yurtimizga qaytishi taʼminlandi.
Vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida turli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oqtov shahrida hamyurtimizning pasporti vositachilar tomonidan olib qo‘yilgani haqida murojaat kelib tushdi. Mazkur holat bo‘yicha Bosh konsulxona tomonidan zudlik bilan amaliy yordam ko‘rsatilib, yurtdoshimizning pasporti qaytarib olindi va uning Vatanimizga qaytishi taʼminlandi.
Yana bir holatda esa fuqaro vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur ruxsatnomani rasmiylashtirish masalasida firibgarlikka duch kelgan. Natijada, u qiyin moliyaviy ahvolda qolgan. Diplomatlar tomonidan mazkur fuqaro va uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandiga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning O‘zbekistonga qaytishi taʼminlandi.
Mamlakatimizning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish, zarur hollarda Vatanga qaytishini taʼminlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi