Logo

O‘zbekiston Prezidenti suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Fevral 03, 2026. 22:00 • 4 daq

192
O‘zbekiston Prezidenti suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

TOSHKENT, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yoki sug‘oriladigan yer maydonlarining 60 foiziga yetdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilgacha respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar jami 19 ming gektarni tashkil etar edi. Mazkur ishlar natijasida har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalishiga erishilmoqda.

Bugungi taqdimotda bu boradagi ishlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ishlangan yangi takliflar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv taʼminotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati yaratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv taʼminoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi.

Buning uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari qo‘llanadi.

Xususan, suv resurslari uchun soliq stavkasi va subsidiyalar miqdorini yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilash taklif qilindi. Masalan, suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududdagi sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Bunda tegishli loyiha-smeta hujjatlari va loyihani amalga oshirish bo‘yicha taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablag‘larining 50 foizi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.

Endilikda boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun ham subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foizlarni qisman qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi. G‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablag‘lari har yil noyabr oyidan boshlab ajratiladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni qurib bergan pudrat tashkilotlari har bir loyihaga kamida 2 yillik kafolat muddati berishi hamda 5 yil davomida servis xizmatlarini ko‘rsatishi majburiy etib belgilanadi.

Sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Suv olish joylarida suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xo‘jaliklari tashkil qilingan yer maydonlarida “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatiladi. Ular “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalarida suv tejovchi texnologiyalardan hamda suvdan foydalanishni monitoring qilish bo‘limlari tashkil etiladi. Tadbirkorlik subyektlarida inspeksiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni yonkameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Inspeksiyaga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida suvdan foydalanish va suv isrofini monitoring qilish maqsadida uchuvchisiz uchish dronlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va subsidiya ajratilgan yer maydonlarida bunday texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, anʼanaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi.

Fermerlarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sohasidagi manfaatlarining himoyasini kuchaytirish maqsadida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan sudlarga daʼvo arizalarini kiritishda davlat bojidan ozod qilish taklif etildi.

Sohada kadrlar salohiyatini oshirish – dolzarb masala.

Taqdimotda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xo‘jaliklari xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish