O‘zbekiston Prezidenti Iordaniyaga tashrif buyuradi
Mart 04, 2026. 19:51 • 2 daq
• 116
TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida so‘nggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida ta’kidlandi.
Butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi bunday sinovli damlarda Iordaniya rahbariyati va xalqi bilan yakdil va birdamligini ta’kidladi.
O‘z o‘rnida Iordaniya Podshohi ushbu sinovli kunlarda chin do‘stlik, samimiy qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlik so‘zlari uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Yaqin istiqbolda Ammanga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada va sermahsul o‘tishiga qat’iy ishonch bildirdi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi