Tojikiston OAV: O'zbekiston fuqarolarini o'z hududida ham, undan tashqarida ham himoya qilish va homiylik qilishni kafolatlaydi
Dekabr 03, 2024. 12:21 • 2 daq
• 131
DUSHANBE, 3-dekabr. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "Yangi O'zbekiston Konstitutsiyasi: davlat o'z fuqarolarini o'z hududida ham, undan tashqarida ham himoya qilish va homiylik qilishni kafolatlaydi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan respublikada ilmiy anjumanlar, ko'rgazmalar va boshqa madaniy tadbirlar o'tkazilmoqda. Bularning barchasi Asosiy qonunning ahamiyatini ta'kidlabgina qolmay, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Yana bir yubileyni nishonlash esa shunchaki o'tmishga hurmat emas, balki yangi imkoniyatlar va yutuqlarga to'la kelajakka qarashdir", – deb yozilgan maqolada.
Qayd etilganidek, O'zbekistonning Asosiy qonunida fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari, jumladan, so'z erkinligi, mehnat qilish, ta'lim olish va tibbiy xizmat ko'rsatish huquqlari ta'minlangan. Shuningdek, u xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishni kafolatlaydi. Bu iqtisodiy o'sishga yordam beradi va investitsiyalarni jalb qiladi.
O'tgan uch o'n yillikda mamlakat huquqiy islohotlar va demokratlashtirish sohasida katta yo'lni bosib o'tdi. Bu davr mobaynida Konstitutsiya fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash va demokratik institutlarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning doimiy asosi bo'lib qoldi.
"2023-yil aprel oyida umumxalq referendumi o'tkazildi va uning natijasida mamlakatimizning Asosiy qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu tarixiy voqea tufayli 27 ta modda joriy etilib, ularning soni 128 tadan 155 taga ko'paydi, amaldagi normalarning yarmidan ko'pi mazmuni yangilandi. Asosiy qo'shimchalar qatorida inson huquqlarini himoya qilish va ta'minlash sohasidagi yangiliklar ham bor. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, unda O'zbekiston birinchi marta ijtimoiy, dunyoviy va huquqiy davlat sifatida belgilandi", – deya qayd etadi muallif.
Nashrda Konstitutsiyaning yangi tahririni ishlab chiqishda islohotlarning maqsadi – fuqarolarning munosib turmushini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, O'zbekiston aholisining tinchligi va farovonligini ta'minlash asosiy yo'nalish bo'lgani ma'lum qilingan. Shuningdek, davlatchilik taraqqiyotining tarixiy tajribasi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk ajdodlarning boy ilmiy, madaniy va ma'naviy merosi inobatga olingani ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi