Logo

"BMB Holding" kompaniyasi mahsuloti AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikatga ega bo'ldi

Yanvar 16, 2024. 19:06 • 2 daq

599
"BMB Holding" kompaniyasi mahsuloti AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikatga ega bo'ldi

TOSHKENT, 16-yanvar. /"Dunyo" AA/. "BMB Za'faron" brendi ostida yetishtirilayotgan za'faron mahsulotining eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Yevropaning "Control Union Certifications" (Niderlandiya) tashkiloti "Euro Cert" kompaniyasi bilan hamkorlikda AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikatni (USDA organic) olish bo'yicha ishlar yakuniga yetkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Euro Cert" kompaniyasi mutaxassislari tomonidan "BMB Za'faron" za'faron plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni o'tkazish, hosilni terib olish, qayta ishlash va saqlash, tayyor mahsulotni qadoqlash jarayonlari belgilangan muddatlar davomida to'liq o'rganib chiqildi. Shuningdek, tayyor mahsulot Yevropaning yetakchi sinov laboratoriyalarida bir necha marotaba tekshiruvdan muvaffaqiyatli o'tkazildi.

USDA organic - bu AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat hisoblanadi. Sertifikatlash faqat yuqori malakali va vakolatli xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur milliy organik standart iste'molchilarni sog'lom va tabiiy mahsulotlar bilan ta'minlash maqsadiga qaratilgan milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda USDA organic sertifikatini olgan mahsulotlar tarkibining kamida 95 foizi ekologik toza tabiiy ingrediyentlarni o'z ichiga olishi kafolatlangan.

"BMB Za'faron" kompaniyasi mana shunday murakkab hisoblangan qator xalqaro tashkilotlarning nozik sinov laboratoriyalaridan muvaffaqiyatli o'tdi. Bundan tashqari, "BMB Za'faron" brendi ostidagi mahsulot Yevropaning "Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas", "Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente" (Italiya), "QC LAB McCormick France" (Fransiya) hamda Janubiy Koreyaning "Chong Kiningson" laboratoriyalarida ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o'tkazilib, ISO 3632-1/2011 xalqaro standartlari asosidagi tahlil natijasida rang, hid va ta'm ko'rsatkichlari bo'yicha I kategoriyali sifat darajasi sertifikatiga ega bo'ldi. Bunday sertifikat sanoqli kompaniyalarning mahsulotlariga berilgan.

Shuningdek, AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA - Food and Drug Administration) O'zbekistondan Amerikaga "BMB Za'faron" brendi ostida za'faron mahsulotini import qilishga ruxsat berdi.

Bu esa "BMB Za'faron" tarixida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Ya'ni kompaniyaning eksport geografiyasi yanada kengayib, AQSh va Shimoliy Amerika qit'asi bozorlariga kirib borish hamda zabt etish bo'yicha yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish