Logo

Vena shahrida “BMB HOLDING” va “AGROTEC GMBH” kompaniyalari o‘rtasida 15 million yevrolik investitsion shartnoma imzolandi

Yanvar 28, 2026. 17:52 • 2 daq

219
Vena shahrida “BMB HOLDING” va “AGROTEC GMBH” kompaniyalari o‘rtasida 15 million yevrolik investitsion shartnoma imzolandi

VENA, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. “BMB HOLDING” Taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib, savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari bo‘yicha turli uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yevropaning qator mamlakatlariga rejalashtirilgan ishchi safar doirasida Holding asoschisi xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, istiqbolli qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Bugun O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ko‘magida Vena shahrida “BMB HOLDING” Taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov uzoq yillik biznes hamkori “AGROTEC GMBH” kompaniyasi prezidenti Boris Kandov bilan muzokara o‘tkazdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga ortib borayotganini taʼkidladi.

“BMB HOLDING” hamda “AGROTEC GMBH” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan “AGROINVEST” Avstriya–O‘zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning salohiyatini to‘liq ishga solish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ham muzokaralar diqqat markazida bo‘ldi.

Ayniqsa, Holding tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga tezkor va yuqori sifat standartlari asosida yetkazib berish mexanizmlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar natijasida tomonlar “AGROINVEST” qo‘shma korxonasi faoliyatini tizimli ravishda kengaytirish, yaqin kelajakda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini mamlakatimizda amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.

Muzokaralar yakunida “BMB HOLDING” hamda “AGROTEC GMBH” kompaniyalari o‘rtasidagi eksport-import hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida, umumiy qiymati 15 million yevrolik investitsion shartnoma imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dildora Azimova

dildora@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish