Pokiston investitsiyasi ishtirokida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida tuzni chuqur qayta ishlash korxonasi quriladi
Iyul 07, 2026. 08:10 • 2 daq
• 174LAHOR, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Pokistonga borgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov boshchiligidagi delegatsiya Lahor shahrida “Nimir Industrial Chemicals Ltd” kompaniyasiga tashrif buyurib, kompaniya rahbariyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pokistonning Panjob provinsiyasida faoliyat yurituvchi “Nimir Industrial Chemicals Ltd” mamlakatning kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi yirik korxonalaridan biri hisoblanadi. Uchrashuv davomida kompaniya rahbariyatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda amalga oshirish taklif etilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuvda mazkur kompaniya ishtirokida Qo‘ng‘irot tumanida tuzni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy kimyo sanoati korxonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun hududda yetarli xomashyo zaxirasi mavjud bo‘lib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlangan yer maydoni ajratilishi mumkinligi ta’kidlandi.
“Nimir Industrial Chemicals Ltd” vakillari mazkur investitsiya tashabbusiga yuqori qiziqish bildirib, Qo‘ng‘irot tumanining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, transport-logistika imkoniyatlari, jumladan, aeroport va temir yo‘l tarmoqlari bilan bog‘langanligi loyihani amalga oshrishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va “Nimir Industrial Chemicals Ltd” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan investitsiya shartnomasi imzolandi. Shuningdek, kompaniya rahbariyati taklif etilgan loyihani joyida o‘rganish maqsadida joriy yil iyul oyi oxirida Qoraqalpog‘istonga amaliy tashrif bilan kelish istagini bildirdi.
Mazkur kelishuv Qoraqalpog‘istonda kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

