O'zbekiston va Xitoy strategik sheriklikni mustahkamlashga intilishini tasdiqladi
Noyabr 23, 2025. 14:22 • 3 daq
• 299
TOSHKENT, 23-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I 2025-yil 20-21-noyabr kunlari O'zbekistonga tashrif buyurdi va ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o'rtasidagi ikkinchi Strategik muloqot uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, tomonlar O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning o'zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan holda izchil mustahkamlanib borayotganini ta'kidladilar va umumiy kelajakka ega hamjamiyatni qurishni ilgari surishda yaqinroq hamkorlikni davom ettirishlarini bildirdilar.
Ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalar bo'yicha davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo'shadigan barcha darajadagi o'zaro tashriflar va aloqalarning faol dinamikasi ta'kidlandi.
Tomonlar o'zlarining asosiy manfaatlariga ta'sir qiluvchi masalalar bo'yicha o'zaro qo'llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladilar.
Xitoy tomoni O'zbekistonning tanlagan milliy rivojlanish yo'lini qat'iy qo'llab-quvvatlashini ta'kidladi va Yangi O'zbekiston strategiyasi doirasida asosiy ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlarini doimiy ravishda ilgari surishga ko'maklashishga tayyorligini bildirdi.
O'zbekiston tomoni "yagona Xitoy" tamoyilini qat'iy qo'llab-quvvatlaydi, "Tayvan mustaqilligi"ning har qanday shakliga qarshi chiqadi va Xitoy hukumatining Xitoyni birlashtirishga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarini qat'iy qo'llab-quvvatlaydi.
Xitoy tomoni 15-16-noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini mintaqaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o'zaro ishonchni chuqurlashtirish, mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga qo'shgan muhim hissasi uchun yuqori baholadi.
O'zbekiston tomoni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasining IV yalpi majlisining muvaffaqiyatli o'tkazilishini yuksak baholaydi hamda ushbu muhim yig'ilish Xitoyning barqaror va yuqori darajadagi taraqqiyotini yanada jadallashtirishga, mamlakatlar uchun yangi rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga va jahon hamjamiyatiga ko'proq ishonch hamda ijobiy turtki berishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.
Tomonlar xavfsizlik, rivojlanish va farovonlik borasidagi umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusining o'ta muhim o'rni va ahamiyatini yuqori baholaydilar.
O'zbekiston tomoni Xitoyning Global rivojlanish tashabbusi, Global xavfsizlik tashabbusi, Global sivilizatsiya tashabbusi va Global boshqaruv tashabbuslarini ma'qulladi va ular doirasida faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar savdo hajmining barqaror o'sishi, investitsiya hamkorligining kuchayishi, sanoat, transport va logistika, energetika va qishloq xo'jaligi sohalarida qo'shma loyihalarning amalga oshirilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tomonlar yashil mineral resurslar sohasida, xususan, butun mineral ishlab chiqarish zanjiri bo'ylab yashil rivojlanish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.
Tomonlar madaniy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish, O'zbekiston va Xitoy xalqlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko'maklashish uchun sa'y-harakatlarni amalga oshiradilar.
BMT, ShHT, "Markaziy Osiyo–Xitoy" formati, BRISS va boshqa ko'p tomonlama doiralarda o'zaro qo'llab-quvvatlash va hamkorlikni yanada mustahkamlash bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirlari o'rtasidagi ikkinchi Strategik muloqot natijalari ham yuqori baholandi va ushbu mexanizm strategik hamkorlik va ustuvor sohalarda keng qamrovli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi platformaga aylangani hamda mintaqaviy va xalqaro tinchlikni yana-da mustahkamlashga, o'zaro tushunishni va o'zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi