Logo

Dehlida Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Mart 26, 2026. 09:00 • 2 daq

183
Dehlida Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

DEHLI, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Hindiston poytaxtida Javoharla’l Neru universitetining Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazida “Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida Alisher Navoiy ijodini o‘rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bag‘ishlangan mazkur akademik tadbir O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning olimlari, tadqiqotchilari hamda madaniyat arboblarini birlashtirdi.

Konferensiya Javoharla’l Neru universiteti, O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Andijon davlat pedagogika instituti, Andijon davlat chet tillari instituti, Jumabek Tashenov nomidagi universitet (Qozog‘iston), “Suz.in” xalqaro ilmiy-ommabop jurnali hamda Dehli ko‘nikmalar va tadbirkorlik universiteti tomonidan tashkil etildi.

Alisher Navoiyning butun insoniyat mulki sifatida e’tirof etilgan merosi xalqlarning ma’naviy yaqinlashuvida mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Anjuman ishtirokchilari shoirning “Xamsa” va boshqa o‘lmas asarlariga singdirilgan insonparvarlik g‘oyalari butun Markaziy va Janubiy Osiyo tadqiqotchilari qalbida aks-sado berayotganini ta’kidladi. Navoiy ijodi nafaqat adabiy yodgorlik, balki mintaqa madaniy muhitini shakllantiruvchi muhim omil sifatida ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlis va shu’ba yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston, Hindiston va Qozog‘iston olimlari Navoiy asarlarining qiyosiy tahlili, ularni dunyo xalqlari tillariga tarjima qilish masalalari, buyuk alloma ijodining zamonaviy madaniyatga ta’siriga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya dasturidan, shuningdek, “Alisher Navoiy ilmiy va ijodiy merosining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy maqolalar tanlovi natijalarini e’lon qilish va “Suz.in” jurnali taqdimoti ham o‘rin oldi.

Kecha yorqin adabiy-madaniy dastur bilan yakunlandi. Uning doirasida Alisher Navoiy g‘azallari va ruboiylari yangradi. Shuningdek, o‘zbek xalq qo‘shiqlari va raqslari ijro etildi.

Tashkilotchilarning qayd etishicha, konferensiya ikki mamlakat akademik muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ta’lim aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, qo‘shma tadqiqot loyihalari, tajriba almashish va navoiyshunoslikni global miqyosda yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochdi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari bu kabi uchrashuvlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga va umumiy madaniy merosni asrab-avaylashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish