Logo

O'zbekistonning YUNESKO bilan keng hamkorligi xitoy OAV nigohida

Oktabr 29, 2025. 08:20 • 2 daq

99
O'zbekistonning YUNESKO bilan keng hamkorligi xitoy OAV nigohida

PEKIN, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi "VICTWO" sayyohlik nashrida "O'zbekiston va YUNESKO: ta'lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yangi bosqichi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanishicha, bugungi kunda O'zbekiston xalqaro maydonda ta'lim, fan, madaniyat va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirar ekan, bu jarayonda YUNESKO bilan munosabatlar alohida o'rin tutadi. O'zbekiston 1993-yilda YUNESKOga a'zo bo'lgan bo'lib, bu qadam milliy ta'lim tizimi, ilmiy salohiyat va madaniy merosni dunyo hamjamiyati bilan uyg'unlashtirish yo'lida muhim tarixi bosqich bo'ldi.

O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlikda ta'lim va fan sohasidagi ilg'or g'oyalarni hayotga tatbiq etish, xalqaro standartlarga muvofiq malakali mutaxassislar tayyorlash yo'lida izchil sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu jarayonda O'zbekiston nafaqat a'zo davlat sifatida, balki ilmiy-innovatsion tashabbuslarni ilgari surayotgan faol hamkor sifatida namoyon bo'lmoqda.

O'zbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikning samarali yo'nalishlaridan biri – YUNESKO kafedralari faoliyatidir. Hozirda respublika oliy ta'lim muassasalarida YUNESKOning 9 ta kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri ta'lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va barqaror rivojlanish g'oyalarini ilgari surishga xizmat qilmoqda, deb yozmoqda Xitoy nashri.

O'zbekiston qishloq hududlarida iqtisodiy faollikni oshirish, yoshlarni ish bilan ta'minlash va zamonaviy kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan "O'zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashtirish ko'nikmalarini rivojlantirish" loyihasidir, deyiladi maqolada.

"Bugun O'zbekistonda ilm va ijod, an'ana va innovatsiya, milliy qadriyat va zamonaviy yondashuv bir maqsad yo'lida – taraqqiyot va barqaror kelajak sari birlashmoqda. Bu jarayonda YUNESKO bilan hamkorlik nafaqat ta'lim sifatini oshirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, balki dunyo bilan teng suhbatda bo'lgan, zamonga yuzma-yuz qarab intilayotgan yangi avlodni tarbiyalashga ham xizmat qilmoqda", – deb xulosa qilmoqda "VICTWO".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish