O'zbekiston-Turkiy davlatlar tashkiloti: umumiy turkiy merosni asrab-avaylash va mustahkamlash yo'lida
Iyul 05, 2024. 10:12 • 6 daq
• 2256
TOSHKENT, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-6-iyul kunlari Ozarbayjonning Shusha shahrida bo'lib o'tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashkilot 2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi ostida tuzilgan. 2021-yil 12-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Istanbul shahrida bo'lib o'tgan sammitida O'zbekiston tashabbusi bilan mintaqaviy tuzilma nomi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o'zgartirildi.
Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya va O'zbekiston ushbu tashkilotning a'zolari, Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
"Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o'ziga xos muhim o'ringa ega bo'lib bormoqda, – dedi O'zbekiston Prezidenti 2023-yil 3-noyabr kuni bo'lib o'tgan TDT sammitidagi nutqida. – 160 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir. Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha a'zolari bilan strategik sheriklik aloqalari o'rnatganini katta mamnuniyat bilan aytib o'tmoqchiman".
Turkiy davlatlar tashkiloti – a'zo davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni muhokama qilish va chuqurlashtirish, turkiy xalqlarning yaqin munosabatlari istiqbollarini aniqlash, o'zaro ishonch, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqa va butun dunyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni saqlash yo'lida tuzilgan platforma hisoblanadi.
Davlatlar umumiy manfaatlarga ega bo'lgan tashqi siyosat masalalari bo'yicha, jumladan, xalqaro tashkilotlar va xalqaro forumlar doirasida kelishilgan pozitsiyalarni birgalikda ishlab chiqadilar, xalqaro terrorizm va separatizm, ekstremizm, odam savdosi, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha harakatlarni muvofiqlashtiradi hamda mintaqaviy va siyosiy, huquq-tartibot, harbiy-texnik, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, kredit-moliya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rag'batlantiradi.
Tashkilot a'zolari savdo va investitsiya, tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakatlanishi va moliya-bank operatsiyalarini soddalashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mintaqada har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy o'sish, ijtimoiy-madaniy rivojlanishga intilish hamda fan-texnika, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohalarida o'zaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishda hamkorlik qiladi.
Turkiy davlatlar tashkilotining oliy organi Davlat rahbarlari kengashi bo'lib, u tuzilmaga a'zo mamlakatlar yetakchilarining muntazam yig'ilishlari shaklida faoliyat yuritadi, dolzarb xalqaro muammolarni hal qilishda hamkorlik masalalarini ko'rib chiqadi, o'zaro munosabatlarning ustuvor yo'nalishlarini belgilaydi, tashkilot faoliyatini tahlil qiladi. Davlat rahbarlari kengashi yig'ilishi yilda bir marotaba o'tkaziladi. A'zo davlatlarning tashabbusi bilan Davlat rahbarlari kengashining navbatdan tashqari va norasmiy yig'ilishlari tashkil etilishi mumkin.
Mazkur tuzilmadagi Tashqi ishlar vazirlari kengashi o'z vakolati doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining joriy faoliyatini ko'rib chiqadi va Davlat rahbarlari kengashi majlislarida muhokama qilish uchun eng dolzarb xalqaro masalalarni belgilaydi. Shuningdek, Kotibiyatning shtat jadvali va moliyaviy hisobotini tasdiqlaydi.
Tashkilot tarkibidagi Yuqori darajali mansabdor shaxslar qo'mitasi Kotibiyat faoliyatini muvofiqlashtiradi, ular tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalarini Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan qabul qilinishi va Tashqi ishlar vazirlari kengashi darajasida tasdiqlanishidan oldin ko'rib chiqadi va tasdiqlaydi. Turkiy davlatlar tashkiloti Yuqori darajali mansabdor shaxslar qo'mitasi yig'ilishlari Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlislari oldidan chaqiriladi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi doimiy faoliyat yurituvchi maslahat instituti hisoblanadi. Ushbu tashkilotga a'zo har bir davlat taniqli jamoat va siyosiy arboblar orasidan Kengashga bittadan vakil (oqsoqol) tayinlaydi. Bugungi kunda Kengashga Turkiya sobiq Bosh vaziri, Buyuk millat majlisi deputati Binali Yildirim raislik qilmoqda.
Kotibiyat bosh kotib boshchiligidagi doimiy ijro etuvchi organ bo'lib, Davlat rahbarlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Kotibiyat Istanbul (Turkiya) shahrida joylashgan.
Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti shafeligida bosh qarorgohi Anqarada (Turkiya) joylashgan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY), bosh qarorgohi Bokuda (Ozarbayjon) joylashgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA), bosh qarorgohi Ostona (Qozog'iston) shahrida joylashgan Xalqaro turkiy akademiya, bosh qarorgohi Boku (Ozarbayjon) shahrida joylashgan Turkiy madaniyat va meros jamg'armasi, asosiy qarorgohi Istambulda joylashgan Turkiy Savdo-sanoat palatasi va Turkiy investitsiya jamg'armasi faoliyat ko'rsatadi.
2019-yilning 19-sentyabr kuni Budapesht shahrida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkilotining vakolatxonasi tashkil etildi. U tashkilotga a'zo davlatlarning Vengriya, "Vishegrad guruhi" mamlakatlari, Yevropa davlatlari va Yevropadagi xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini rivojlantirishga ko'maklashadi.
O'zbekiston avvaldan turkiyzabon davlatlar o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish va kengaytirishning faol ishtirokchisi va tashabbuskorlaridan biri bo'lgan. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 3-sentyabr kuni Cho'lpon-ota shahrida (Qirg'iziston) bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti VI sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi Turkiy davlatlar tashkiloti bilan o'zaro hamkorlik tarixidagi burilish nuqtasi bo'ldi.
2019-yil 14-sentyabr kuni O'zbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. O'zbekistonning mazkur tashkilotga a'zo bo'lishi bilan Turkiy kengash faoliyatidagi boshqa a'zo davlatlarning faolligi sezilarli darajada oshdi, bu esa tuzilmaning mintaqaviy tashkilot sifatidagi roli yuksalganidan dalolat beradi.
O'zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar kengashining 2019-2023-yillarda o'tkazilgan sammitlarida TDT doirasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 58 dan ortiq amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Bugungi kunga qadar 42 dan ziyod tashabbuslar amalga oshirildi va ularning 6 tasi yakuniy bosqichda.
Ekspertlarning aytishicha, 2022-yil 11-noyabrda Samarqand shahrida bo'lib o'tgan TDT sammiti O'zbekistonning tashkilotga raisligining boshlanishi bo'lib, bu ko'p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston raisligi davrida 100 dan ortiq tadbirlar o'tkazildi.
O'zbekistonning tashkilotdagi ishtiroki davomida o'nlab yirik tadbirlar, jumladan, TDTga a'zo davlatlar turizm vazirlarining 6-yig'ilishi (2021-yil, iyun), TDTga a'zo davlatlar qishloq xo'jaligi vazirlarining 1-yig'ilishi va Toshkentda birinchi Turkiy qishloq xo'jaligi forumi (2022-yil iyul), Buxoroda Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi (2022-yil, iyun), Mahmud Qoshg'ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso Al- Xorazmiy madaniy merosiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar, "Aqlli shaharlar" sohasidagi IT-mutaxassislari uchun konferensiyasi hamda "IT-Weyek" va "InnoWeek.Uz" doirasida Yoshlar startaplari forumi, "Jadidlarning ma'rifiy faoliyati: g'oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qo'shgan hissasi" xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya (2023-yil mart), Farg'ona shahrida "Turkiy davlatlarning temir yo'l aloqasi: Farg'ona vodiysi – Anadolu" xalqaro forumi (2023-yil aprel), Xavfsizlik kengashlari kotiblari, Oqsoqollar kengashi, ta'lim, sog'liqni saqlash vazirlari, bojxona idoralari rahbarlari, inson resurslarini rivojlantirishga mas'ul idoralar rahbarlari, O'zbekistondagi Turkiy universitetlar ittifoqi rektorlari uchrashuvlari, Turk dunyosi yoshlarining ilm-fan va innovatsiyalar xalqaro Kongressi muvaffaqiyatli o'tkazildi.
2022-yilda Qo'qon shahri "Turk dunyosining sayyohlik poytaxti", Buxoro shahri esa "Turk dunyosining birinchi yoshlar poytaxti" deb e'lon qilindi.
Muxtasar aytganda, Shusha shahrida bo'lib o'tadigan "Transport o'zaro bog'liqligi va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish" mavzusidagi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti va davlatimiz rahbarining mazkur tadbirdagi ishtiroki ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, turkiy xalqlar do'stligi va qardoshligini yanada mustahkamlashda muhim bosqich bo'ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi