Logo

Bokudan munosabat: Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi ham mintaqaviy, ham butun turkiy olamga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda

Yanvar 18, 2024. 09:42 • 2 daq

1536
Bokudan munosabat: Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi ham mintaqaviy, ham butun turkiy olamga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda

BOKU, 18-yanvar. /"Dunyo" AA/. Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi maslahatchisi Roza Bayramli (Ozarbayjon) "Dunyo" AA uchun yo'llagan «Zamonaviy voqelik, yutuqlar va yangi istiqbollar sharoitida Ozarbayjon va O'zbekiston hamkorligi» sarlavhali sharhida mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollarini tahlil qildi.

Ekspert Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik ko'plab yo'nalishlarda muvaffaqiyatli kengayganini ta'kidlagan. Ma'lum qilinganidek, 1997-yil iyun oyida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning O'zbekistonga tashrifi tomonlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi burilish nuqtalaridan biri bo'ldi, uning davomida tomonlar o'rtasida 19 ta hujjat, jumladan, O'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat o'rtasidagi do'stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to'g'risida bitim imzolandi.

«Ta'kidlash joizki, O'zbekiston 2022-yil yozida, pandemiyadan so'ng Prezident Ilhom Aliyev davlat tashrif bilan borgan birinchi mamlakat bo'ldi, – deb yozgan ekspert. – Ushbu tashrif doirasida Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi ozarbayjon aholisi istiqomat qiladigan maydonda Haydar Aliyev yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tashrif natijasida davlat rahbarlari 20 ga yaqin hujjat, jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Hukumati va O'zbekiston Respublikasi Hukumati o'rtasida yuk tashish hajmini yanada oshirishga qaratilgan xalqaro avtomobil aloqalari to'g'risidagi bitimni imzoladilar».

Maqolada, shuningdek, 2017–2022-yillarda mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha karra ortib, 29 million AQSh dollaridan 181,2 million dollarga yetgani xabar qilingan. Ozarbayjonning O'zbekiston umumiy savdo aylanmasidagi ulushi esa 0,1 foizdan 0,4 foizgacha, jami eksport 0,2 foizdan 0,7 foizgacha, jami import 0,1 foizdan 0,2 foizga oshdi. 2023-yilning 6 oyi davomida mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash sur'ati o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga yuqoriladi.

Ekspert o'z xulosasida ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi ham mintaqaviy, ham butun turkiy olamda ijobiy ta'sir ko'rsatayotganini qayd etgan. Ammo Ozarbayjon va O'zbekiston ko'plab sohalarda muvaffaqiyatli odimlayotgan bo'lsada, mamlakatlarimiz hamkorligining ulkan salohiyati hali to'liq ro'yobga chiqarilmaganini alohida urg'ulagan.

«O'zaro munosabatlarni ikki tomonlama formatda ham, xalqaro loyihalar doirasida ham rivojlantirish uchun ulkan istiqbollar mavjud. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun yuqori salohiyat mavjud. Shu tariqa, ko'plab aloqa nuqtalari mavjudligini inobatga olgan holda va davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari tufayli Ozarbayjon va O'zbekiston ko'plab sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda», - deb yozgan Roza Bayramli.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish