Logo

Turkmanobod shahrida O'zbekiston va Turkmaniston suv xo'jaligi idoralari vakillarining uchrashuvi bo'lib o'tdi

Mart 16, 2025. 14:05 • 58 soniya

348
Turkmanobod shahrida O'zbekiston va Turkmaniston suv xo'jaligi idoralari vakillarining uchrashuvi bo'lib o'tdi

TURKMANOBOD, 17-mart. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 13-14 mart kunlari O'zbekiston Suv xo'jaligi vazirligi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Turkmanistonga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Turkmanobod shahrida O'zbekiston va Turkmaniston suv xo'jaligi idoralari rahbarlari va mutaxassislarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda suv sohasidagi hamkorlikning dolzarb, xususan, suv xo'jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish va modernizatsiyalash, Amudaryoda selga qarshi va qirg'oqni mustahkamlash ishlarini olib borish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ko'rib chiqildi.

Muzokaralar natijasida o'zbek-turkman suv xo'jaligi masalalari bo'yicha qo'shma hukumatlararo komissiyaning to'rtinchi yig'ilishida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish bo'yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.

Tomonlar Amudaryo oqimi yo'qotishlarining oldini olish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan zarur gidrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Muloqot davomida, shuningdek, transchegaraviy suv obyektlarida qo'shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv resurslari hisobini raqamlashtirish bo'yicha tajriba almashish hamda suv xo'jaligi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashda hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

O'zbekiston va Turkmaniston suv xo'jaligi idoralari vakillari Tuyamo'yin gidrouzeli obyektlariga tashrif buyurib, ularning samarali faoliyat yuritishini ta'minlashga qaratilgan qo'shma chora-tadbirlarni joyida muhokama qildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish