Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” 31-xalqaro turizm yarmarkasi ish boshladi
Noyabr 25, 2026. 13:00 • 2 daq
• 20TOSHKЕNT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 45 dan ortiq mamlakat, 600 dan ortiq xorijiy kompaniya va 20 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimi ertaga rejalashtirilgan.
Tashrif buyuruvchilarga madaniy-tarixiy marshrutlar, dengiz va tog‘ kurortlari, gastronomik turlar hamda sog‘lomlashtirish dasturlari taklif etilmoqda. Shuningdek, milliy pavilonlar taqdim qilindi. Ularda yurtimizning barcha 12 viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrining sayyohlik imkoniyatlari namoyish etilmoqda.
Ishtirokchilar uchun B2B formatidagi uchrashuvlar, turizm mahsulotlari taqdimotlari va muhokamalarni o‘z ichiga olgan ishbilarmonlik dasturi tayyorlangan. Turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar va kurortlar o‘z xizmatlari va takliflarini taqdim etadi.
Mehmonxona, kurort va dam olish infratuzilmasiga xalqaro kapitalni jalb qilishga qaratilgan Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi yarmarkaning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi.
Forum doirasida investitsiya loyihalari va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan, mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiyalar, soliq imtiyozlari va imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlari taqdim etiladi.
Qayd etilishicha, 2026–2028-yillarda turizm loyihalarini amalga oshirish uchun 5 ming gektar yer maydonini elektron auksion savdolariga chiqarish rejalashtirilgan. Investorlarga panel muhokamalarida ishtirok etish hamda G2B va B2B formatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish taklif etiladi.
Forumning ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakat turizm sohasi rivojlanishining ijobiy dinamikasini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga 11,6 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti 49 foizga o‘sib, 6,1 milliard dollarga yetgan.
27-noyabr kuni “Tashkent City Congress Hall”da BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlikda “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” tashabbusini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbir yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




