Rossiyaning yirik chakana savdo tarmog'i O'zbekiston mahsulotlari eksportiga qiziqish bildirmoqda

Noyabr 17, 2024. 11:34 • 2 daq

348
Rossiyaning yirik chakana savdo tarmog'i O'zbekiston mahsulotlari eksportiga qiziqish bildirmoqda

YEKATERINBURG, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning yirik "Monetka" chakana savdo tarmog'i bo'lim boshlig'i Yelena Permyakova bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda "Monetka" tarmog'i savdo shoxobchalarida mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot va to'qimachilik mahsulotlari eksportini ko'paytirish, shuningdek, O'zbekiston va Rossiya hududlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


Rossiya vakilasiga respublikada ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, 2020-2030-yillarda O'zbekiston qishloq xo'jaligini rivojlantirish strategiyasi hamda meva-sabzavot va tayyor to'qimachilik mahsulotlari eksportini liberallashtirish bo'yicha ishlar to'g'risida ma'lumot berildi. 


Yelena Permyakova "Monetka" chakana savdo tarmog'i o'z mijozlariga zarur tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlarini taklif qilishini aytdi. Do'konlar tarmog'ini sifatli va o'z vaqtida tovarlar bilan ta'minlash maqsadida korxonada yettita distribyutorlik markazlari faoliyat ko'rsatmoqda. Kuniga 50 tonna piyoz, 20 tonna uzum, 20 tonna xurmo, 100 tonnaga yaqin kartoshka va boshqa mahsulotlar sotiladi.


"Monetka" tarmog'i savdo shoxobchalarida O'zbekiston meva-sabzavotlari, to'qimachilik va boshqa mahsulotlarini sotishdan manfaatdormiz. Kompaniyamiz o'zbekistonlik yetkazib beruvchilar bilan ham uzoq muddatli shartnomalar tuzishga qarshi emas", - dedi u.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish