O‘zbekiston elchisi Pokistonning yirik to‘qimachilik kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi
May 21, 2026. 15:55 • 2 daq
• 125
LAHOR, 21-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahriga tashrifi doirasida Pokistonning yirik to‘qimachilik kompaniyalaridan biri “Style Textile” kompaniyasi ijrochi direktori Shahzad Asgar Ali bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, faoliyati to‘xtagan yoki past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qayta tiklash va samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy hamkorlik hamda eksport salohiyatini kengaytirish borasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Ayniqsa, to‘qimachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or boshqaruv tajribasi va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini jalb etish O‘zbekiston yengil sanoati rivojiga muhim turtki bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuvda diplomatik vakolatxona rahbari O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Pokiston tomoniga to‘liq xarid qilish yoki boshqaruvga olish uchun taklif etilayotgan, faoliyati to‘xtagan yoki past quvvatda ishlayotgan 29 ta to‘qimachilik korxonasi xususida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, “Style Textile” ijrochi direktori Shahzad Asgar Ali O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirib, ishonchli hamkorlar bilan aniq muzokaralarni boshlashga tayyorligini maʼlum qildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistondagi qulay investitsiyaviy muhit va mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish, to‘qimachilik korxonalarini samarali boshqaruvga olish bo‘yicha biznes-strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida “Style Textile” delegatsiyasi tashrifini tashkil etish masalasini ham muhokama qildi.
Dastlabki bosqichda muhokama qilingan taklif va tashabbuslarni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbariyati bilan videokonferensaloqa shaklida muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
1992-yilda tashkil etilgan “Style Textile” kompaniyasi xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq vertikal integratsiyalashgan ishlab chiqarish tizimiga ega yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning Lahor shahrida joylashgan beshta yirik ishlab chiqarish majmuasida 47 ming nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.
Bugungi kunda kompaniya “Adidas”, “Nike”, “Reebok”, “Levi‘s”, “Zara”, “GAP”, “Hurley”, “Tom Tailor” kabi mashhur xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqarib, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatiga eksport qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




