Logo

O'zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainadagi yirik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi

Iyun 01, 2025. 11:15 • 3 daq

81
O'zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainadagi yirik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi

KIYEV, 1-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Ukrainadagi elchixonasida "Kiyev xalqaro iqtisodiy forumi" qatnashchilari bo'lgan yirik tadbirkor va investorlar ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda "Forbes" jurnali tasnifiga ko'ra, Ukrainadagi eng yirik 100 ta kompaniyasi ro'yxatiga kiruvchi "MEGOGO", "MTI GROUP", "UNIT.City", "MXP", "Sense bank", "Uklon", "Idealsecrets", "Avrora", "Tekstil Kontakt" va "EFI Group" kabi 30 dan ziyod yirik kompaniyalarning rahbarlari va top-menejerlari ishtirok etdi.

Yig'ilganlarga joriy yilning 10-12-iyun kunlari yurtimizda bo'lib o'tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, mazkur anjuman doirasida xorijiy hamkorlar uchun bir qator qiziqarli va manfaatli investitsiyaviy taklif va innovatsion g'oyalar ilgari surilishi ta'kidlandi.

Shuningdek, elchixona diplomatlari tomonidan ukrainalik tadbirkorlarning O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, yurtimizning savdo-investitsion, transport-logistika, axborot-texnologiyalari salohiyati hamda konsalting xizmatlari sohalarida hamkorlik qilish bilan bog'liq savollariga atroflicha javob berdilar.

Ukrainalik tadbirkorlar o'z chiqishlarida, O'zbekiston tomoni bilan turli sohalarda aloqalar o'rnatish va amaliy ishlarni boshlashdan manfaatdor ekanini ta'kidlab, O'zbekistonga investitsiya kiritish bo'yicha amaliy biznes takliflarini bildirishdi.

Jumladan, "Uklon" kompaniyasi vitse-prezidenti Dmitriy Kazvan O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va mamlakat bozorining salohiyatini inobatga olgan holda yurtimizda o'z faoliyatini kengaytirishini ma'lum qildi.

Shuningdek, "Idealsecrets", "UIS" va "EFI Group" kompaniyalari rahbarlari esa O'zbekistonning IT texnologiyalar sektoriga sarmoya kiritish masalasini o'rganayotganlarini bildirishdi.

 Aleksey Moroz "Sense bank"ning marketing bo'yicha direktori:

– Ukraina va O'zbekiston hamkorligini yana-da jadallashtirish uchun katta salohiyat bor. Menimcha, bu uchta xususiyatga bog'liq:

 Birinchisi, mentalitetning nihoyatda o'xshashligi. O'zbekiston va Ukraina o'rtasida juda yaqin qarindoshlik rishtalari bor. Vatanga, yerga, jamiyat rivojiga bo'lgan muhabbat Ukraina va O'zbekistonni bir-biri bilan bog'lab turadi.

Ikkinchisi,birgalikda muloqot va biznes yuritish. Ukraina ham, O'zbekiston ham ko'plab savdo yo'llari chorrahasida joylashgan bo'lib, bu kelishuvlarni qanday tuzishimiz, imkoniyatlarni qanday ko'rishimiz borasidagi birgalikdagi yondashuvlarni belgilaydi. O'zim ham O'zbekistonda ko'p ishlaganman. Albatta, hamkorlik qilish uchun imkoniyatlarimiz juda ko'p.

Uchinchisi, bu, "rivojlanish mentaliteti". O'zbekistonning ham Ukrainaning ham taraqqiyot yo'li bir joyda to'xtab qolmaslik tamoyiliga asoslanadi. Bu o'zgarish, an'anaviy yo'llardan uzoqlashish, dunyoda o'z o'rnini va mavqeini izlash istagidir. Shuningdek, O'zbekiston uchun katta Osiyo yo'lbarsi bo'lish, Ukraina uchun esa Yevropa yo'lbarsi bo'lish imkoniyati mavjud.

Dmitriy Romanyuk, "Frankof" mebel fabrikasi hammuassisi:

– Bunday formatdagi uchrashuvlar nihoyatda muhim. Biz hali mintaqada ko'plab yangi bozorlarni ochmaganmiz va bugungi kunda Ukraina kompaniyalari ushbu bozorni bevosita qiziqtirishi mumkin bo'lgan keng turdagi xizmatlar va tovarlarni taklif qila oladi. Yuqori diplomatik darajada bo'lib o'tgan mazkur uchrashuv Ukraina kompaniyalari uchun foydali bo'lgani aniq.

Dmitriy Kazvan, "Uklon" kompaniyasi vitse-prezidenti:

– O'zbekiston bilan, xususan, biznes yo'li bilan tanishuvim hali Amerikaning "Visa" kompaniyasida ishlagan paytlarimdan boshlangan. Hozirgi kunda ushbu hamkorlik "Uklon" kompaniyasi bilan davom etmoqda. O'zbekiston qanday tez o'zgarib borayotganini kuzatish men uchun nihoyatda qiziq. Islohotlar sur'ati, raqamlashtirish, xalqaro investorlarni jalb qilish bo'yicha ishlar seni juda ilhomlantiradi va agar siz mamlakatning salohiyatiga, qancha yoshlar va aholi mavjudligiga qarasangiz, u yerda ajoyib istiqbollarni ko'rasiz. Biz Ukrainada mavjud qiyinchiliklarga qaramay, O'zbekiston bilan o'zaro hamkorlik muvaffaqiyatli bo'lishiga ishonamiz.

Valeriya Tolochina, "Megogo" kompaniyasining marketing bo'yicha direktori:

 – Biz ko'p yillardan beri O'zbekiston bozorida ishlaymiz va ajoyib odamlardan iborat ahil jamoamiz bor. Ular bu mintaqani juda faol rivojlantirmoqda, mamlakatga va uning kelajagiga ishonadilar. Shuningdek, O'zbekiston milliy mahsulotlarini rivojlantirishga katta e'tibor beramiz. Hozirgi kunda sentyabr oyida bo'lib o'tadigan "O'zbek kinosi haftaligi"ga tayyorgarlik ko'ryapmiz.

O'zbekistonga kirib kelayotgan barcha Ukraina biznesiga muvaffaqiyat tilayman. Chunki biznes qanchalik yaxshi ishlasa, mamlakat shunchalik yaxshi rivojlanadi, odamlar yaxshi yashaydi va go'zal sayyoramizda ajoyib kelajakni birgalikda barpo etamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish