O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

Noyabr 26, 2026. 19:00 • 3 daq

• 161
O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

BOG‘DOD, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan Bag‘dod va Erbil shaharlarida qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini Iroq bozoriga olib chiqish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bag‘dod shahrida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakili ishtirokida Iroqning tegishli vazirliklari rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda elektrotexnika mahsulotlari eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Iroq elektr energetikasi vaziri o‘rinbosari Muhammad al-Tufayli bilan muzokaralarda esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan transformatorlar, elektr energiyasini hisoblash va nazorat qilish uskunalari hamda tashqi yoritishni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlarini Iroq bozoriga yetkazib berish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mahalliy davlat tenderlarida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganildi.

Qurilish, uy-joy va munitsipal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ali Abdel Amir bilan uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan liftlarni Iroq binolariga o‘rnatish, ichimlik suvi ta’minoti sohasida zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Suv ta’minoti yo‘nalishida qo‘shimcha uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Iroq Neft vazirligi vakillari bilan muloqotda mamlakatimiz elektrotexnika mahsulotlarini neft-gaz tarmog‘i ehtiyojlari uchun yetkazib berish, davlat xaridlarida qatnashish, gaz hisoblagichlarini eksport qilish va ularni mahalliy bozorda ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq bozorida keng targ‘ib qilish maqsadida Erbil shahrida ham muhim tadbirlar amalga oshirildi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi bilan hamkorlikda “Agro Pack Food Iraq 2026” xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasida yurtimiz korxonalarining ishtiroki ta’minlandi.

Elchixona ko‘magida 90 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatimizning o‘z brendlariga ega 10 ta oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonasining mahsulotlari namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazmada jami 400 ta kompaniya ishtirok etib, ularning 60 foizini 20 dan ortiq davlatdan kelgan xorijiy kompaniyalar tashkil etdi. Tadbirga 15 ming 800 nafardan ortiq soha mutaxassisi kelgani o‘zbek mahsulotlarini yangi xaridorlar va hamkorlarga tanitish uchun keng imkoniyat yaratdi.

Erbil shahrida Kurdiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Said Aziz Gilani bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston savdo uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yishning tashkiliy masalalari muhokama qilindi. Mazkur tashabbus kelgusida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari va Iroq tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mahsulotlarning mahalliy bozorga kirib borishini osonlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish