Logo

Kaliforniyadan Texasga: Iqtisodiy migratsiya tendensiyalari

Avgust 28, 2024. 15:07 • 6 daq

639
Kaliforniyadan Texasga: Iqtisodiy migratsiya tendensiyalari

TOSHKЕNT, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. Kaliforniyada korporativ daromad solig'i 8,84 foizni tashkil qilsa, Texasda bu soliq umuman mavjud emas. Bunday qulay sharoitlar yangi biznes boshlamoqchi bo'lgan tadbirkorlar uchun Texasni nihoyatda jozibador va o'ziga tortuvchi maskanga aylantiradi, deb yozgan ta’minot zanjiri boshqaruvi bo'yicha mutaxassis, O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining AQShdagi koordinatori Sohibxon Salixov "Dunyo" AA uchun sharhida.

"Kaliforniya Amerika Qo'shma Shtatlari iqtisodiy qudratining ajralmas qismi sifatida 2023-yilda o'z yalpi ichki mahsulotini 3,8 trillion AQSh dollariga yetkazib, o'zining iqtisodiy salohiyatini yana bir bor tasdiqladi, - deb yozgan Sohibxon Salixov. – Bu raqam Hindistonning 2023-yildagi yalpi ichki mahsuloti — 3,9 trillion AQSh dollari bilan deyarli teng bo'lib, Kaliforniya iqtisodiyotining mustahkam va barqaror o'sishini yana bir bor namoyon etdi. 

Shubhasiz, Silikon vodiysidagi yirik texnologiya gigantlari va ko'plab innovatsion korxonalar o'z bosh ofislarini Kaliforniyada joylashtirib, ushbu shtatni texnologik, iqtisodiyot va ilmiy markazga aylantirishga katta hissa qo'shgan. Bu korxonalar Kaliforniyani nafaqat milliy, balki global miqyosda innovatsion inqilobning yuragi sifatida shakllantirib, uning iqtisodiy qudrati va ilmiy taraqqiyotini ta’minlagan.

Ammo so'nggi vaqtlarda bu tendensiyalarda sezilarli o'zgarishlar kuzatilmoqda va rivojlanish hamda investitsiyalar shamoli yangi manzil, Texas shtatiga qarab esmoqda. Bu jarayonni kuzatish juda qiziq bo'lib, aksariyat hollarda soliq imtiyozlari va arzon ishchi kuchi uning sabablaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu omillar, shubhasiz, o'zgarishlarga muhim ta’sir o'tkazadi va ularning ahamiyatini inkor etib bo'lmaydi. Biroq, jarayon ortidagi boshqa jihatlarni ham unutmaslik kerak va ularni quyida batafsil ko'rib chiqish lozim.

Avvalambor, yuqorida ta’kidlangan eng asosiy sabablardan biri Texas va Kaliforniya shtatlarining soliq siyosatidagi keskin farqlardir. Bu ikki shtat o'rtasidagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli soliq siyosati tafovutini raqamlar yordamida o'rganish zarur. Chunki bu elementlarni bilish orqali hududdagi biznes muhitining shakllanishi va jozibadorligini to'liq anglash mumkin. Misol uchun, Kaliforniyada jismoniy shaxs daromad solig'i 13,3 foizni tashkil etadi, mahalliy savdo solig'i esa 7,25 foizdan 10,75 foizgacha o'zgaradi. O'z navbatida, Texas jismoniy shaxs daromad solig'ini umuman qo'llamasdan, savdo solig'ini 6,25 foizdan 8,25 foizgacha belgilagan. Shu sababli, Kaliforniya bilan solishtirganda, ushbu soliq sharoitlari xodimlar va turli xil soliq to'lovchilar uchun imkoniyatlar eshigini keng ochadi. Biznes sohasida ham Texasning ustunliklari aniq ko'zga tashlanadi: Kaliforniyada korporativ daromad solig'i 8,84 foizni tashkil qilsa, Texasda bu soliq umuman mavjud emas. Bunday qulay sharoitlar yangi biznes boshlamoqchi bo'lgan tadbirkorlar uchun Texasni nihoyatda jozibador va o'ziga tortuvchi maskanga aylantiradi.

Ikkinchi muhim iqtisodiy omil bu ishchi kuchini arzonligi va kasaba uyushmalari o'rtasidagi farqdir. Albatta, Texasda yer, mahsulotlar, mulk va soliq ko'rsatkichlarining pastligi xarajatlarni salmoqli tarzda kamaytirib, mahalliy pul aylanmasini tejashga imkon yaratadi, bu esa ish beruvchilarga to'lovlarni ancha pastroq belgilashga ham turtki beradi. AQShda har bir shtat o'z hududi doirasida minimal soatbay ish haqini belgilashi lozim, va ish beruvchilar federal va shtat ko'rsatkichidan pastroq oylik to'lash huquqiga ega emas. Shundan kelib chiqib, Texas hozirgi kunda eng kam ish haqini 7,25 dollar miqdorida, ya’ni federal minimum darajasida belgilangan bo'lsa, Kaliforniya bu ko'rsatkichni ikki barobardan ham oshirib, 16 dollarga yetkazgan. Kaliforniyada ishchi kuchi Texasga qaraganda sezilarli darajada qimmat ekanligini ushbu fakt ham tasdiqlaydi. Kamroq ish haqi talab qilinishi tufayli, Texasda malakasiz ishchilarga ehtiyoj bor: ishlab chiqarish, transport va oziq-ovqat sanoatlarida yanada qulay sharoitlar yaratib, tadbirkorlar uchun o'z jozibadorligini ta’minlamoqda.

Qolaversa, kasaba uyushmasi ishchi kuchini yollashda ham alohida o'rin egallaydi. Bu borada Texas va Kaliforniyada mehnat ittifoqlari orasidagi farqlar ancha ko'zga tashlanadi. 

Texas "right-to-work" shtati bo'lib, xodimlar mehnat ittifoqlariga qo'shilish yoki qo'shilmaslikda erkin tanlovga ega va badalni to'lash majburiy emas. Natijada, Texasda kasaba uyushmalari keng ommalashmagan, ular asosan energetika, qurilish va ba’zi jamoat xizmatlari sohalarida faoliyat yuritadi. 

Kaliforniyada esa mehnat ittifoqlari kuchli shakllangan bo'lib, davlat xizmatlari, sog'liqni saqlash, ta’lim va texnologiya sohalarida keng tarqalgan. Shu asosda, Kaliforniyada kasaba uyushmasiga a’zo bo'lgan ishchilar yuqori ish haqi va yaxshi ish sharoitlarini talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, ularning mehnat huquqlari yanada samarali himoyalanish ehtimoli yuqori. 

Soliq va inson resurslari masalalaridan tashqari, Texasning taqdim etadigan imkoniyatlari nihoyatda ko'p. Uning logistik joylashuvi esa alohida e’tiborga sazovor bo'lib, bu sohadagi mutaxassis sifatida men bu haqiqatni to'liq tasdiqlay olaman.

Buni yaxshiroq tushunish uchun Meksikaga e’tibor qaratishimiz kerak. Xususan, Texas hududi bilan tarixiy va geografik bog'liqligi sababli, Meksika AQSh savdo strategiyasida muhim o'rin tutadi. Meksikaning barqaror rivojlanishi nafaqat o'ziga, balki AQSh uchun ham ulkan imkoniyatlarini taqdim etishi shubhasiz. Shu sababli, Texas rivojlanishini tahlil qilarkanmiz, Meksikaning bu yerda tutgan o'rni katta ahamiyatga egaligini ta’kidlashimiz kerak. Ushbu davlat AQShning umumiy eksport hajmi bo'yicha Kanadadan keyin ikkinchi o'rinda turadi va 2022-yilgi ko'rsatkichlarga ko'ra, bu raqam tamomila hayratlanarli 294 milliard dollarni tashkil etgan. Import bo'yicha esa Meksika Kanada bilan deyarli tenglashib, 421 milliard dollar bilan uchinchi o'rinni band qilgan. Bu raqamlar Meksikaning nafaqat Texas, balki butun AQSh iqtisodiyotiga qanchalik katta ta’sir ko'rsatishini yaqqol aks ettiradi. 

Shu o'rinda Meksikaning iqtisodiy rivojlanishini Jahon banki ma’lumotlariga asoslanib quyidagicha baholash mumkin: Meksika iqtisodiyoti 2023-yilda 3,2 foizga o'sdi. Bu ketma-ket ikkinchi yil davomida iqtisodiy yuksalish bo'lib, avvalgi 2 foizlik darajadan yuqorilab, ajoyib dinamika va barqarorlikni ko'rsatdi. Qolaversa, davlatning rasmiy kambag'allik darajasi 2020-yildagi 43,9 foizdan 2022-yilda 36,3 foizga tushib, yaxshi iqtisodiy natijalar hisobiga deyarli 8.8 million meksikalikni kambag'allikdan olib chiqishga muvaffaq bo'ldi. Bu yutuqlar o'tgan asrdagi "Meksika mo'jizasi" kabi ulkan bo'lmasa-da, pandemiyadan keyingi davr uchun juda ijobiy va umidbaxsh raqamlardir.

Yuqoridagi ko'rsatkichlar va AQShning hozirgi "on-shoring" va "friend-shoring" kabi tashabbuslari, ya’ni ko'plab ishlab chiqarishlarni o'z hududiga yoki ishonchli qo'shni hududlarga ko'chirish sa’y-harakatlari, Meksikani zaruriy hududga aylantirishi shubhasiz. Shu sababli, ko'plab tashkilotlar Meksika bilan savdo aloqalarini yaxshilashga intilmoqda, bu esa Texasning nufuzini yanada oshirishga hissa qo'shmoqda.

Qolaversa, logistika va infratuzilmaviy jihatdan Texas katta afzalliklarga ega. Logistika nuqtayi nazaridan, Texasning Meksika bilan chegaradosh bo'lishi transport xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Ta’minot zanjiri nuqtayi nazardan esa, Texas ko'plab korxonalarga yuqori va pastki oqim boshqaruvi taraflama imkoniyatlar taqdim etadi. Ya’ni xomashyo yetkazib berish jarayoni osonroq va tejamkorroq qilib, kelajakda teskari eksportdan ko'proq daromad olish imkoniyatini yaratadi. Shu sababli, Texasda korxonalar bosh idoralar ochishdan tashqari, muhim taqsimot markazlarini va ishlab chiqarish quvvatlarini ham bu yerga ko'chirishmoqda. Natijada, hozirgi Meksika bilan yaqin hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash harakatlari Texas uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi va iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Shuningdek, Texasning AQShdagi ichki logistik afzalliklari e’tiborni tortadi. Ushbu shtat, Kaliforniyaga nisbatan kengroq va arzonroq bo'lishidan tashqari, AQShning markaziy hududida joylashgan bo'lib, sharqiy hamda g'arbiy sohillardagi asosiy iqtisodiy nuqtalariga uzoq bo'lmagan masofada turadi. Shuningdek, Texas, Kaliforniya kabi dengiz portlarga ega bo'lib, Meksika qo'ltig'i orqali Atlantik okeaniga to'g'ridan to'g'ri chiqish imkoniyati bilan ajralib turadi. Natijada, Texasning geografik joylashuvi uni Yevropaning rivojlangan davlatlari va Lotin Amerikaning Braziliya va Argentina kabi yetakchi mamlakatlariga tezkor hamda arzon transport imkoniyatlari bilan ta’minlaydi.

Umuman olganda, Texas hozirgi zamonda ulkan tarixiy voqealarni boshidan kechirmoqda va hudud taraqqiyotida dolzarb burilishlar sodir bo'lmoqda. Iqtisodiy imtiyozlar, ta’minot zanjirining mosligi va boshqa ko'plab omillar uyg'unligi natijasida, bugungi kunda biz Texasning yangi Kaliforniyaga aylanishiga guvoh bo'lyapmiz".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish