Afg'onistonning Mazori-Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorlik-majmuasi qurilishiga tamal toshi qo'yildi
Avgust 21, 2025. 16:57 • 2 daq
• 506
MAZORI-SHARIF, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. Bugun Afg'onistonning Mazori-Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish loyihasiga tamal toshi qo'yishga bag'ishlangan marosim bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Mazori-Sharif shahar hokimi Abdulrahmon Hemmat, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyatidagi vakolatxonasi rahbari Aminulla Sodiq, O'zbekiston konsulxonasi xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazori-Sharif shahri hokimi Abdulrahmon Hemmat o'z nutqida afg'on xalqi buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy shaxsiyatiga chuqur hurmat bilan qarashini ta'kidladi. Alisher Navoiyning shaharning Muxobirot chorrahasida joylashgan, keyingi yillarda ancha xarob va ko'rimsiz holga kelib qolgan yodgorligini qayta tiklash bo'yicha shahar hokimligining qarori qabul qilingani ma'lum qilindi.
Yangidan barpo etiladigan majmua uchun katta yer maydoni ajratildi, unda Navoiyning tarjimai holi, hayot yo'li, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari aks ettirilgan lavha o'zbek, ingliz, dari va pushtu tillarida o'rnatiladi, shuningdek, kutubxona tashkil etiladi. "Ushbu yodgorlik-majmuasini mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan munosib maskanga aylantiramiz", – dedi shahar hokimi.
Alisher Navoiy yodgorlik-majmuasi qurilishi shahar hokimligi byudjetidan moliyalashtiriladi va bir oy muddatda qurib bitkazilishi ko'zda tutilgan.
O'zbekiston konsuli Jafar Fattayev Alisher Navoiy yodgorligining qayta tiklanishi va atrofining obodonlashtirilishi bo'yicha boshlangan xayrli ishlar Afg'onistonda ushbu buyuk siymoga ko'rsatilayotgan hurmat-e'tibordan darak berishini ta'kidladi.
Ta'kidlash joizki, Mazori-Sharifda bunyod etiladigan Alisher Navoiy yodgorligi uchun matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti ko'maklashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
“Anna German qo‘shiqlari” festivalida yurtdoshlarimiz sovrindor bo‘ldi
Taniqli o‘zbek pianinochisi Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish etdi