O‘zbek kinolari Polsha telekanallari orqali keng namoyish etiladi

Iyul 13, 2026. 10:00 • 2 daq

141
O‘zbek kinolari Polsha telekanallari orqali keng namoyish etiladi

VARSHAVA, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Polshaning nufuzli “TVT” telekanali bosh direktori Roman Olma bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida O‘zbekistonning turistik, madaniy va tarixiy salohiyatini Polsha auditoriyasiga keng targ‘ib qilish, milliy kino mahsulotlari orqali mamlakatimiz imijini mustahkamlash hamda o‘zbek film va seriallarini “TVT” telekanali efirlarida namoyish etish masalasi muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida telekanal tomonidan Polshada o‘zbek kinosi va seriallarini namoyish etish bo‘yicha madaniy-kino loyihasini amalga oshirish taklif etildi. Loyihaning dastlabki bosqichida 10 ta badiiy film va 10 ta serialni polyak tiliga tarjima qilish, ovozlashtirish hamda efirga uzatish rejalashtirilmoqda.

Taklif etilayotgan filmlar qatoriga “Yakshanba”, “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Issiq non”, “Omad”, “Ilhaq”, “Mendirman Jaloliddin”, “Baron”, “Abdullajon”, “Mahallada duv-duv gap” va “Shum bola” kiritilgan.

Seriallar ro‘yxatida “Sabr”, “Ko‘cha”, “Zebo”, “Ona”, “Yulduzlar mangu yonadi”, “Sariq devni minib”, “Qodirxon”, “Sinchkov”, “Yashirin hovli” va “Alvido” mavjud.

“TVT” vakillari o‘zbek kino mahsulotlarini polyak tiliga tarjima qilish, diktorlik matnlarini tayyorlash va ovoz yozish bilan bog‘liq texnik xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish