Logo

Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi Xitoy OAV diqqat markazida

Oktabr 03, 2025. 18:14 • 3 daq

170
Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi Xitoy OAV diqqat markazida

PEKIN, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "Sohu" yangiliklar portalida "O'zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga mezbonlik qiladi" sarlavhali maqola e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Nashrda 2025-yilning oktyabridan noyabrigacha YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi 40 yildan so'ng birinchi marta Parijdagi an'anaviy shtab-kvartirasidan tashqarida Samarqand shahrida bo'lib o'tishi ma'lum qilingan.

"YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand "Sharq va G'arb madaniyatlari va sivilizatsiyalari chorrahasi" sifatida mashhur, – deb yozgan muallif. – Ushbu qadim kentning Bosh konferensiya o'tkaziladigan joy sifatida tanlanishi O'zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash borasidagi sa'y-harakatlari hamda fan, texnologiya, ta'lim va madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorlikning xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e'tirofi hamda mamlakatning jahon madaniy turizmi va ko'p tomonlama almashinuvdagi ahamiyatini namoyish etadi".

 Ta'kidlanganidek, O'zbekiston 1992 yil 2 martda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo'lganidan beri so'nggi o'ttiz yillikda global yechimlarning faol tashabbuskoriga aylandi. O'zbekiston madaniyat, turizm va madaniy almashinuv sohasida salmoqli yutuqlarni qo'lga kiritishda davom etmoqda. "2023 yilda Samarqand shahrida Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga muvaffaqiyatli mezbonlik qilgan O'zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qilish huquqini qo'lga kiritdi va bu uning xalqaro madaniy va turizm almashinuvining asosiy platformasi sifatidagi rolini yana-da kuchaytirdi", deyiladi maqolada.

O'zbekiston BMT bilan hamkorlik qilish orqali nafaqat madaniy turizm sohasida salmoqli natijalarga erishdi, balki ko'plab sohalarda barqaror rivojlanishga faol yordam berdi. Mamlakat mintaqada birinchilardan bo'lib BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini o'zining milliy strategiyasiga kiritdi, 2018 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlarini yaratdi. Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha Milliy muvofiqlashtiruvchi qo'mitasi 2020 yilda milliy sharoitlarni aks ettiruvchi 125 ko'rsatkichdan iborat ro'yxatni ishlab chiqishni yakunladi.

2024 yilga kelib O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari global indeksidagi reytingi 19 pog'onaga ko'tarilib, eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar beshligiga kirdi. 2022-2024 yillarda BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF va boshqa tashkilotlarning ko'magi tufayli O'zbekistonda kambag'allik darajasi 17 foizdan 8,9 foizga kamaydi, bu esa atrof-muhit, madaniyat va turizmni har tomonlama rivojlantirishga zamin yaratdi.

Qayd etilganidek, O'zbekiston BMTning ko'p tomonlama munosabatlarida ham faol ishtirok etmoqda. 2018 yildan 2025 yilgacha O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasining barqaror turizm va Orolbo'yi atrof-muhitini muhofaza qilish kabi masalalarni qamrab olgan 13 ta rezolyutsiyasi tashabbusi bilan chiqdi. O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylangan va ayni paytda BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi va Xalqaro mehnat tashkiloti kabi bir qancha organlarda ham faoliyat yuritadi.

"2025 yilda bo'lib o'tadigan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi O'zbekistonga o'zining madaniy va sayyohlik salohiyatini dunyoga namoyish etish, ko'p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va global kun tartibini shakllantirishda katta rol o'ynash uchun muhim imkoniyat yaratadi", – deb yozilgan "Sohu" maqolasida.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish