Logo

Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi

Noyabr 14, 2025. 16:04 • 2 daq

140
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi

SAMARQAND, 15-noyabr /"Dunyo" AA/. 13-noyabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yalpi yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda, "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, bu sessiya so'nggi 40 yil ichida ilk bor Tashkilot qarorgohidan tashqarida o'tkazilgan eng yirik xalqaro forumning muvaffaqiyatli yakunlanishini belgiladi.

Yig'ilish yakunlariga ko'ra, Bosh konferensiya tomonidan "O'zbekiston xalqi va hukumatiga minnatdorlik ifodasi" nomli rasmiy hujjat qabul qilindi.

Hujjatda O'zbekiston Prezidentining beqiyos qo'llab-quvvatlovi, Bosh konferensiyani tashkil etish va o'tkazishdagi yuksak e'tibori va shaxsan ishtiroki, shuningdek, O'zbekiston xalqi tomonidan ko'rsatilgan mehmondo'stlik va yuqori darajadagi sessiyani o'tkazish tashabbusi uchun chuqur minnatdorlik izhor etilgan.

Qarorda O'zbekistonning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniy merosga ega mamlakat sifatidagi madaniy boyliklari barcha ishtirokchilar uchun ilhom manbai bo'lgani, xalqaro hamjihatlik, o'zaro tushunish va ishonch muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo'shgani ta'kidlangan.

YUNESKO tarixida ilk bor qabul qilingan ushbu qaror Tashkilot g'oyalarini ilgari surish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda jahonda birlik, bag'rikenglik va tinchlikni mustahkamlashda O'zbekistonning muhim hissasini xalqaro miqyosda e'tirof etishini anglatadi.

43-sessiya raisi Xondker Talha yig'ilishda so'zga chiqib, Samarqandda sessiyani o'tkazish tashabbusi va uni yuqori darajada tashkil etgani uchun O'zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Vera Lakyoy, Bosh direktorning birinchi o'rinbosari Sin Syuy va boshqa delegatlar O'zbekiston rahbariyatiga mehmondo'stlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqandda bo'lib o'tgan sessiya ishtirokchilari uchun "nafaqat diplomatik, balki ma'naviy tajriba" bo'lganini ta'kidladilar.

Ta'kidlanishicha, Samarqand sessiyasi YUNESKO tarixida yangi sahifa ochdi va barcha a'zo davlatlar xotirasidan ilhomlantiruvchi hamda muvaffaqiyatli yig'ilish sifatida o'rin oldi. "Samarqand ruhi" ochiqlik, ishonch va o'zaro tushunish timsoli sifatida Tashkilotning keyingi yig'ilish va tashabbuslarida ham o'z aksini topishiga ishonch bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish