O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ekspertlari sun’iy intellekt yo‘nalishida tajriba almashdi
May 01, 2026. 21:25 • 3 daq
• 283TOSHKENT, 1-may. /“Dunyo” AA/. “IT Park Uzbekistan”da “Ta’lim, energetika va hududlarni rivojlantirishda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning o‘rni” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu forumda Koreya Respublikasining qator nufuzli muassasalari, jumladan, Sungkyunkwan University va KEPCO ekspertlari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan esa davlat idoralari, energetika kompaniyalari, AKT sohasi va oliy ta’lim muassasalari vakillari qatnashdi.
Forum Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) delegatsiyasining Koreya Respublikasi va Yaponiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar asosida tashkil etildi. Tadbir mazkur markaz tomonidan Osiyo taraqqiyot banki instituti, Seul milliy universiteti huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish global instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Uchrashuvda ITIM direktori o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov jahon iqtisodiyotidagi beqarorlikka qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni saqlab qolayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, joriy yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etgan. Bu esa mamlakatda investitsiyalar jalb qilish, innovatsiyalarni joriy etish va yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratayotganini ko‘rsatadi.
Seul milliy universiteti vitse-prezidenti Kilkon Ko O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sur’atlarini yuqori baholab, sun’iy intellekt, ekologik barqarorlik va davlat boshqaruvi sohalarida Koreya bilan hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. U xalqaro hamkorlik bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda amaliy ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
Osiyo taraqqiyot banki instituti rahbari Bambang Brodjonegoro inson kapitaliga investitsiya kiritish, yuqori texnologiyalarni rivojlantirish va global ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilish barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari ekanini bildirdi. Uning fikricha, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ilmiy va tahliliy hamkorlik amaliy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida sun’iy intellektni ta’limga joriy etish, kambag‘allikni qisqartirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish, hududlarni rivojlantirish va energetika sohasini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “mahallabay” tizimiga alohida e’tibor qaratildi. ITIM vakili Fazliddin Nasriddinov ushbu tizim natijalari haqida ma’lumot berib, mamlakatda 9 mingdan ortiq mahalla faoliyat yuritayotgani va ularda minglab mutaxassislar aholi bilan ish olib borayotganini ta’kidladi. Yagona raqamli platforma orqali aholiga manzilli yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratilgani qayd etildi.
Natijalarga ko‘ra, ixtisoslashgan mahallalarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshgan, qarzdorlik kamaygan va bandlik darajasi yaxshilangan. Shuningdek, kam ta’minlangan aholi yashaydigan “og‘ir” mahallalarda alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ishtirokchilar ushbu yondashuv ijtimoiy siyosatni yanada aniq va samarali qilishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Raqamli texnologiyalar va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish orqali qaror qabul qilish samaradorligi oshmoqda.
Forum yakunlariga ko‘ra, tomonlar kelgusida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishib oldi. Bu barqaror iqtisodiy o‘sish va inklyuziv rivojlanishga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





