Logo

O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo'limi hayotidan bir kun

Fevral 14, 2025. 07:06 • 2 daq

232
O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo'limi hayotidan bir kun

MOSKVA, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasining Konsullik bo'limi faoliyati Rossiya hududida bo'lgan jismoniy va yuridik shaxslarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Konsullik bo'limi yuklangan vazifa va funksiyalarga muvofiq O'zbekiston fuqarolari va chet el fuqarolariga turli konsullik masalalari bo'yicha yordam ko'rsatilyapti.

Hozirgi kunda Konsullik bo'limi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo'lib, kuniga 300 ga yaqin kishiga konsullik xizmati ko'rsatish imkoniyatiga ega.

Konsullik hududida elektron navbat o'rnatilgan, shuningdek, barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan ona va bola xonasi mavjud.

Fuqarolarga yanada sifatli konsullik xizmatlarini ko'rsatish uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida konsullik bo'limida 24/7 Call-markaz faoliyat ko'rsatmoqda.

Eslatib o'tamiz, Call-markaz O'zbekiston fuqarolariga o'zbek va rus tillarida konsullik-huquqiy xususiyatdagi zarur ma'lumotlarni avtomatik tarzda olish imkonini beradi.

Furqat Zufarov, O'zbekiston elchixonasi Konsullik bo'limi ikkinchi kotibi:

– Har kuni elchixonaning Konsullik bo'limiga 200-250 ga yaqin kishi o'z yumushi bo'yicha murojaat qiladi. Biz ularning murojaatlarini tezkorlik bilan hal etishga harakat qilamiz.

Aksariyat murojaatlar pasportni almashtirish yoki yangilash, Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish bilan bog'liq. Bundan tashqari, qabul qiluvchi davlat hududida huquqlari buzilgan yurtdoshlarimizga konsullik va yuridik yordam ko'rsatamiz.

Konsullik bo'limi O'zbekiston fuqarolarining konsullik-huquqiy masalalarini tartibga solish maqsadida Rossiya huquq-tartibot idoralari bilan yaqin aloqalar o'rnatgan.

Muslima Quvvat qizi, vatandosh:

– O'zbekiston elchixonasining Konsullik bo'limiga pasport olish uchun keldik. Bu bizning konsullikka ikkinchi tashrifimiz. Bu yerda yaratilgan sharoitlar juda yaxshi. Xonalar issiq, navbat tartibga solingan.

Suratga olish va hujjatlarni topshirish uchun ham uzoq navbat kutmaysiz. Konsullik bo'limi xodimlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar bizni to'la qoniqtirmoqda.

Men allaqachon farzandim uchun sertifikat olganman. Endi menda ham farzandlarim bilan Vatanga uchish imkoniyati bor.

Viktoriya, Rossiya fuqarosi:

– Men birinchi marta O'zbekiston elchixonasining Konsullik bo'limiga keldim.

O'zbekiston bo'ylab 12 kunlik sayohatga otlanyapmiz. Sayohat davomida kerakli hujjatlarni olish uchun ariza topshirdim.

Murojaatim juda tez va muammosiz hal bo'ldi. Konsullik bo'limidagi ishimga salkam 30 daqiqa ketdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar va xodimlarning munosabati menga yoqdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish