Janubiy Koreyada o'tkazilgan notiqlik tanlovida o'zbek qizi g'alaba qozondi
Yanvar 06, 2025. 15:25 • 2 daq
• 232
SEUL. 6-yanvar. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning Kvangju shahridagi "Volgok" boshlang'ich maktabi 4-sinf o'quvchisi yosh vatandoshimiz Zinnura Karimova Seulda bo'lib o'tgan 12-Milliy ikki tildagi notiqlik musobaqasida oliy mukofotni qo'lga kiritdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Zinnura ushbu muvaffaqiyatga erishish uchun bir qator sinovlardan o'tdi. U dastlab "Volgok" maktabida o'tkazilgan ichki bosqichda oltin medal, keyinchalik Kvangju shahar ta'lim departamenti tomonidan tashkil etilgan hududiy bosqichda kumush medal bilan taqdirlangan. Bu yutuqlar unga respublika bosqichda ishtirok etish imkonini yaratdi.
Tayyorgarlik jarayonida Zinnura har kuni bir necha soat o'zbek va koreys tillarida nutq mashqlari bilan shug'ullandi. Bu nafaqat uning tillararo bilimlarini oshirdi, balki sahnada ishonch bilan chiqish qilishiga ham yordam berdi. Zinnura o'zi yozgan «Yosudagi maroqli sayohat» mavzusidagi hikoyasini ikki tilda – o'zbek va koreys tillarida so'zlab, hay'at a'zolarining e'tirofiga sazovor bo'ldi.
Musobaqada 52 nafar turli madaniyatlarga mansub o'quvchilar qatnashdi, ular 16 tilda o'z hikoyalarini taqdim etdilar. 10 yoshli Zinnuraning har ikki tildagi ijodiy chiqishi va u bilan birga Seuldagi tadbirda qatnashgan boshqa ishtirokchilarning mazmunli chiqishlari musobaqaning xalqaro ahamiyatini yana-da oshirdi.
Qayd etish kerakki, Zinnuraning opasi Laziza Karimova ham 2023-yilda bo'lib o'tgan ushbu tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi o'rinni egallagan edi. Laziza o'z nutqida xalqaro menejment va tarjimonlik sohalarida rivojlanish niyatini bildirgan va dunyo miqyosida kommunikatsiyaning muhimligini ta'kidlagan. Uning nutqi nafaqat shaxsiy yutuq, balki tarixiy ahamiyatga ega bo'lib, u mazkur tanlovda o'zbek tilida nutq so'zlagan birinchi o'zbek qizi sifatida e'tirof etilgan edi.
Zinnura va Laziza Karimovalarning g'alabalari Kvangju shahri va Chollanam-do provinsiyasining tarixidagi ilk yirik yutuqlardan biri sifatida qayd etildi. Ular o'zbek va koreys tillaridagi muvaffaqiyatlari bilan nafaqat o'z nomlarini, balki o'zbek madaniyatini ham xalqaro maydonda namoyish etdilar.
O'zbekistonlik opa-singillarning yutuqlari Koreyaning ko'plab internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarida ham keng yoritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Karachida og'ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz holidan xabar olindi
Malayziyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga