Logo

Malayziya hukumati 2024-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun raqamli kelish kartalarini joriy etmoqda

Dekabr 25, 2023. 11:47 • 2 daq

1033
Malayziya hukumati 2024-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun raqamli kelish kartalarini joriy etmoqda

KUALA-LUMPUR, 25-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, Malayziya hukumati 2024-yil 1-yanvardan boshlab shu davlatga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari, jumladan O'zbekiston fuqarolari uchun raqamli kelish kartalarini joriy etmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Yangi qoidaga muvofiq, mazkur onlayn kartani olish uchun Malayziyaga yetib kelgunga qadar uch kun ichida https://imigresen-online.imi.gov.my/mdac/main veb-sayti orqali to'ldirish talab etiladi. To'ldirilgan va printerda chop etilgan kartani mamlakatga kirib kelganda pasport nazorati punktlarida taqdim etish kerak bo'ladi.

Mazkur kartada sayohatchilar o'zlarining shaxsiy ma'lumotlarini, jumladan, ism-sharifi, fuqaroligi, pasport seriyasi, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish sanalari, telefon raqamlari, Malayziyadagi vaqtincha yashash manzili va boshqa ma'lumotlarni ko'rsatishi shart.

Hozirgi vaqtda Malayziyaga kirish uchun O'zbekiston fuqarolariga 30 kungacha viza talab qilinmaydi.

Malayziyaning migratsiya qonunchiligiga muvofiq, O'zbekistondan kelayotgan fuqarolar quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

- amal qilish muddati 6 oydan kam bo'lmagan xorijga chiqish pasporti;

- mazkur davlatga kirgan sanadan boshlab 30 kun ichida qaytish yoki uchinchi davlatga borish aviachiptasi.

Shuningdek, pasport nazoratidan o'tayotganda fuqarolardan mehmonxona (yotoqxona)ni band qilganligi to'g'risida hujjat va mamlakatda bo'lishlari uchun yetarli mablag' mavjudligini tasdiqlash talab qilinishi mumkin.

Zarur hollarda, Malayziya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya departamenti vakillari chegara o'tish joylarida (Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti va boshqalar) chet el fuqarolariga mamlakatga kirishni rad etish huquqiga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi Malayziyaga sayohat qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni mahalliy hokimiyat organlarining ushbu talablarini inobatga olishga chaqiradi.

Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasining quyidagi telefon va ijtimoiy tarmoqlardagi manzillariga murojaat qilishingiz mumkin:

Tel.: +603-4253-3406, +603-4253-2406.

Veb-sayt: https://uzbekembassy.com.my/

Facebook: https://www.facebook.com/uzembassymalaysia

Instagram: https://www.instagram.com/uzembassymalaysia/

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish