Nyu-York shahridagi "Ziyo Art" o'zbek tili markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Fevral 14, 2024. 07:22 • 2 daq
• 816
NYU-YORK, 14-fevral. /«Dunyo» AA/. Nyu-York shahridagi «Mahalla USA» vatandoshlar jamoat uyushmasi tomonidan O'zbekiston Bosh konsulxonasi bilan birgalikda jamiyat huzuridagi «Ziyo Art» o'zbek tili markazining yangi binosining ochilish marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil O'zbekistonda «Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili», deb e’lon qilingani mamlakatimizda qolaversa, xorijdagi yoshlarga bo'lgan e’tiborning yana bir ifodasidir. «Ziyo Art» o'quv markazi «Mahalla USA» vatandosh jamoat uyushmasi huzurida 2020-yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Markaz faoliyati AQShdagi vatandoshlarning farzandlariga o'zbek tili va adabiyotini o'rgatish, ularning tarbiyasida milliy qadriyatlarning roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan.
O'quv markazida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun o'zbek tili va adabiyoti, odobnoma, kompyuter savodxonligi darslari, tasviriy san’at, matematika fanlaridan darslar, shuningdek, shaxmat, sambo va kurash kabi sport turlarida to'garaklar yo'lga qo'yilgan.
Mashg'ulotlar shanba va yakshanba kunlari tanlov asosida tanlangan malakali o'qituvchilar tomonidan, O'zbekistondan olib kelingan o'quv adabiyotlaridan foydalangan holda olib boriladi.
O'quv markazining yangi binosi mashg'ulotlar uchun mo'ljallangan 10ta xonadan iborat bo'lib, umumiy maydoni 500 kvadrat metrni tashkil qiladi. Hozirgi kunda markazda oyiga 120-150 nafar bolalar tahsil olmoqda.
Markaz yangi binosining ochilish marosimida so'zga chiqqan «Mahalla USA» uyushmasi rahbari Abdumalik Axmedov tadbir 9-fevral — buyuk shoir, mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan kunda ochilayotganiga e’tibor qaratdi.
«Markazning asosiy maqsadi o'sib kelayotgan yosh avlodga, farzandlarimizga ona yurtga muhabbat, hurmat va sadoqat tuyg'ularini shakllantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qadriyatlarimizni, milliy o'zligimizni saqlab qolish, ularga sifatli ta’lim-tarbiya berish va keng imkoniyatlar yaratishdan iborat», dedi u.
«Mahalla USA» yetakchisi, shuningdek, O'zbekiston hukumati tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga ko'rsatilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.
Ochilish marosimida O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari, kongressmenlar, Nyu-York shahri senatorlari, mahalliy hokimiyat vakillari, faol vatandoshlar va mahalliy OAV vakillari qatnashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Britaniyada o‘zbek talabalari o‘rtasida “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri o‘tkazildi
Og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtlar vatanga qaytarildi
O‘zbekistonlik talaba xalqaro tanlov sovrindori bo‘ldi
Italiyada ilk bor “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi
Turkiyadagi yurtdoshlarimiz holidan xabar olindi