Logo

O'zbekiston davlat xizmatchilari va stipendiatlar BMT tizimida stajirovka o'tashi mumkin bo'ladi

Sentabr 25, 2025. 11:25 • 2 daq

56
O'zbekiston davlat xizmatchilari va stipendiatlar BMT tizimida stajirovka o'tashi mumkin bo'ladi

TOSHKENT, 25-sentyabr. /"Dunyo" AA/. "El-yurt umidi" jamg'armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Nyu-York shahrida BMTning Xalqaro fuqarolik xizmati komissiyasi (UN ICSC) raisi Larbi Jakta bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jamg'arma ma'lumotiga ko'ra, tomonlar komissiyaning Jamg'arma va Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorligining istiqbolli yo'nalishlarini muhokama qildilar.


Davlat boshqaruvi, fuqarolik xizmati va ilmiy tadqiqotlar yo'nalishlari bo'yicha BMT tizimida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish dasturlarini o'z ichiga olgan qo'shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi.


Uchrashuv yakunida hamkorlik haqida bitim imzolandi. Ushbu bitim "El-yurt umidi" jamg'armasi tarixida BMT tizimi tashkiloti bilan aloqalarni mustahkamlovchi ilk rasmiy hujjat hisoblanadi. Bitimning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida imzolanishi uning mohiyatini yanada oshiradi.


Hujjatga ko'ra, tomonlar davlat xizmatchilari va jamg'arma stipendiatlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish bo'yicha qo'shma dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, tadqiqotlar va texnik ishlanmalar bilan almashadi. Konferensiyalar, seminarlar, amaliy mashg'ulotlar va boshqa kasbiy tadbirlar o'tkazish rejalashtirilgan. UN ICSC raqamli boshqaruv, inson resurslarini boshqarish va fuqarolik xizmati amaliyoti sohalarida ekspertlik va texnik yordam ko'rsatadi.


Ushbu hujjatning imzolanishi O'zbekistonda kadrlar tayyorlash va inson kapitalini mustahkamlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan muhim qadam bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish