Vatandoshlarimiz Vladivostok aeroportiga nega kiritilmadi?
Aprel 02, 2026. 09:00 • 2 daq
• 301
VLADIVOSTOK, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakili vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Volosastov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida O‘zbekiston tomoni 2026-yil 1-fevraldan 25-martgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ayrim yurtdoshlarimiz Vladivostok xalqaro aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmagani haqida maʼlum qildi.
Aytilishicha, Rossiya tomoni nazoratni kuchaytirgani va qo‘shimcha tekshiruvlar joriy qilgani sababli “Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” aviakompaniyalari parvozlar jadvaliga o‘zgartish kiritishga majbur bo‘lgan. Bu esa O‘zbekistondan kelayotgan yo‘lovchilar sonining kamayishiga olib kelgan.
Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalariga va savdo-iqtisodiy hamkorlikka ham salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani taʼkidlandi. Jumladan, “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi va “AgroPtitsa” kompaniyasi o‘rtasidagi 20 million dollarlik kelishuv doirasida O‘zbekistondan Primorye hududiga inkubatsiya tuxumlarini yetkazib berish ishlariga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Primorye hududida vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarning huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, migratsiya qoidalarini buzgani uchun ushlangan fuqarolar bilan bog‘liq holatlar muhokama qilindi.
Hozirgi kunda Rossiyadagi vaqtincha saqlash markazlarida yuz nafardan ortiq hamyurtimiz saqlanayotgani maʼlum qilindi. Ularni tezroq vatanga qaytarish masalasi ko‘rib chiqildi. Bosh konsulxonaga ayrim fuqarolarni saqlash muddati uzayib ketgani bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani aytildi.
Yevgeniy Volosastov o‘z navbatida bu masalalarni Primorye hududidagi masʼul idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqishga va vaziyatni yaxshilash uchun qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni davom ettirish va mintaqadagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi