O'zbekiston indoneziyaliklar orasida eng jozibali turizm yo'nalishlaridan biriga aylanib bormoqda
May 13, 2025. 11:31 • 2 daq
• 53
JAKARTA, 13-may. /"Dunyo" AA/. Indoneziya poytaxtida "O'zbekiston – Imom Buxoriy yurti" shiori ostida "Indonesia – Uzbekistan Friendship Fun walk" tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

U O'zbekistonning boy madaniy va ma'naviy merosi, respublikamizning turizm salohiyatini keng targ'ib qilish maqsadida o'tkazildi.
Indoneziya poytaxtining Sudirman nomli markaziy shoh ko'chalaridan birida bo'lib o'tgan anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan yirik turizm kompaniyalari rahbarlari, "Gunadarma" universiteti va "Trisakti" turizm instituti professor-o'qituvchilari, talabalar, tadbirkorlar, yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimiz tarixi, Imom Buxoriy hayoti va O'zbekiston taraqqiyot yo'li va yutuqlariga bag'ishlangan viktorinalar tashkil etildi. Unda g'olib chiqqan ishtirokchi O'zbekistonga safar qilish uchun ikki kishilik bepul sayohat vaucheri bilan taqdirlandi.
"Fun walk" formatida bo'lib o'tgan targ'ibot tadbirida O'zbekiston quruq mevalari taqdimoti ham o'tkazildi. Maxsus tashkil etilgan pavilyonda yurtimizdan keltirilgan bargak, mayiz, bodom, yong'oq va boshqa turdagi ne'matlar ishtirokchilarga ulashildi.
Anjumanda hozir bo'lgan indoneziyalik mehmonlar do'stlik marshida ishtirok etdilar.
Danang Girin Dravardana, Indoneziya tekstil uyushmasi ijrochi direktori:
– "Fun walk" tadbiriga oila a'zolarim bilan birga qatnashdim. Jakartaning markaziy ko'chasida tashkil etilgan anjuman davlatlarimiz o'rtasidagi do'stlik va yaqin munosabatlar ramzi sifatida barcha ishtirokchilarda o'chmas taassurot qoldirdi.
O'zbekiston haqida ko'p eshitganman, lekin bugun tashkil etilgan taqdimot orqali Markaziy Osiyodagi bu muqaddas o'lkaning qanchalik boy tarix va madaniyatga ega ekanini yana bir bor angladim. O'zbekiston indoneziyaliklar orasida eng jozibali turizm yo'nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Vatandoshlarim bu diyorni ziyorat qilishni orzu qiladi. O'zbekiston o'zining Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari, masjid va madrasalari, zamonaviy bino va inshootlari bilan dunyoda nom chiqargan. Bu zamindan yetishib chiqqan ulug' donishmandlar, mutafakkir va ulamolar islom dini taraqqiyotiga va ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo'shgan. Men Imom Buxoriy yurtiga, albatta safar qilaman.
Aditya Adha Shahputra, sayohatchi-bloger:
–Indoneziyalik sayyohlar uchun O'zbekiston juda qiziqarli yo'nalish. Bu yurt dunyo sivilizatsiyasi o'choqlaridan biri sifatida e'tirof etiladi. Indoneziyadan har yili minglab turistlar ziyorat maqsadida ushbu diyorga yo'l olmoqda. Turizm yo'nalishida O'zbekistonning afzalliklari talaygina.
Yurtingizning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xiva haqida yanada ko'proq ma'lumot olishni istayman. Movarounnahr ulamolari Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda alohida o'rin tutgan. Shu bois, qo'shma ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish nihoyatda muhim deb o'ylayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi