O'zbekiston turizm salohiyati Germaniyada keng targ'ib qilinmoqda
May 01, 2025. 09:19 • 2 daq
• 100
BERLIN, 1-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston xalqaro turizm olamida Ipak yo'lining markazida joylashgan, boy tarixi, rang-barang madaniyati va mehmondo'st xalqi bilan sayyohlar qalbini zabt etib borayotgan mamlakat sifatida tobora katta e'tibor qozonib bormoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Mana shu betakror salohiyatni keng targ'ib qilish va Germaniya dan sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida mamlakatimiz elchixonasi "ABC-Anda Business Communication GmbH" mediakompaniyasi bilan hamkorlikda keng ko'lamli targ'ibot ishlarini amalga oshirmoqda.
Joriy yil boshidan buyon Germaniyaning "Mitteldeutsche Zeitung", "Aachener Zeitung", "Magdeburger Volksstimme", "Der Blick", "Sonntagsjournal", "Mein Südhessen", "Generalanzeiger-Landkreis", "Super Sonntag", "Harzer Volksstimme" va boshqa gazeta hamda jurnallarida O'zbekiston haqida maqolalar chop etildi.
Ularda mamlakatimiz an'analar va zamonaviylik tutashgan diyor sifatida tavsiflangan. Xususan, "Ming bir kecha ertagi mamlakatiga sayohat", "Sharq ertaklaridagi kabi", "O'zbekiston — ommaviy turizmdan yiroq jozibador makon", "Avangard me'morchilik" sarlavhalar ostida chop etilgan maqolalarda mamlakatimiz manzaralari, uning betakror tabiati, qadimiy shaharlari va zamonaviy infratuzilmasi haqida ma'lumotlar mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan.
"Sayyohlik marshrutidagi alohida e'tibor qaratilgan nuqtalardan biri — bu Samarqand shahri. Samarqand, Buyuk ipak yo'lining qoq markazida joylashgan, turli sivilizatsiya va madaniyatlarning tutashgan nuqtasi sifatida nom qozongan. Uning ming asrlik go'zal, qadimiy va dunyoga mashhur me'morchilik majmuasi, ya'ni Ulug'bek, Tillo qori va Sherdor madrasalarini o'zida jamlagan Registon maydoni yer yuzidagi mo'jizalardan biridir", – deyilgan nashrlarda.
Qayd etilganidek, Samarqand 2001-yilda YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, maqolalarda O'zbekistondagi zamonaviy transport infratuzilmasining rivojlangani ham ta'kidlangan. Yuqori tezlikdagi zamonaviy poyezdlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa sayyohlar uchun qiziqarli shaharlarni birlashtirib, ularning safarlarini yanada qulay va tezkor bo'lishini ta'minlaydi. O'zbekistoning gastronomik turizm imkoniyatlari va mahalliy bozorlari sayyohlarni o'ziga faol jalb etayotgani ta'kidlangan.
"Bundan tashqari, O'zbekistonning sayyohlar uchun yana bir o'ziga xos jihati — uning xavfsiz va individual yo'nalishlarga boy turizm salohiyatidir. O'zbekiston har doimgidek, bundan buyon ham, nafaqat Sharq va G'arb o'rtasidagi madaniy ko'prik, balki xavfsiz turizm va mehmondo'stlik makoni sifatida jozibador sayyohlik maskani bo'lib qoladi", – deb yozgan Germaniya OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi