Logo

O'zbekiston va BAA oliy ta'lim muassasalari turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha hamkorlik qiladi

Aprel 29, 2025. 14:20 • 2 daq

131
O'zbekiston va BAA oliy ta'lim muassasalari turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha hamkorlik qiladi

ABU-DABI, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Abdulaziz Aqqulov Abu-Dabi mehmondo'stlik akademiyasiga tashrif buyurdi va mazkur oliy ta'lim muassasasi direktori Jorjetta Deyvi bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Diplomat dastlab akademiyaning o'quv jarayoni, mavjud o'quv dasturlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Akademiya boshqaruvchi direktori Jorjetta Deyvi bilan kechgan muloqot chog'ida O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, turizm jabhasi uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha qo'shma o'quv dasturlarini amalga oshirish, malaka oshirish kurslarini uyushtirish, qo'shma ilmiy tadqiqot ishlari ustida ishlash va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatimiz rasmiy vakili O'zbekistonda turizm sohasida hayotga tadbiq etilayotgan yangi loyihalar, xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan sharoitlar, xorijiy sayyohlarni jalb etish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy mehmonxonalar qurish, mazkur jabha uchun zarur kadrlarni tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so'zlab berdi.

"O'zbekistondagi "Ipak yo'li" xalqaro turizm universiteti va Abu-Dabi mehmondo'stlik akademiyasi o'rtasida talabalar almashinuvi, o'zaro o'qituvchilar malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda o'tkazish bo'yicha hamkorlikka tayyormiz", dedi Jorjetta Deyvi.

Uchrashuv yakunida O'zbekistonning tegishli oliy ta'lim muassasalari va Abu-Dabi mehmondo'stlik akademiyasi rahbariyati o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatish masalalarini batafsil muhokama qilish maqsadida onlayn uchrashuv tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.

Abu-Dabi mehmondo'stlik akademiyasi Abu-Dabi Madaniyat va turizm departamenti bilan hamkorlikda tashkil qilingan. Akademiya Shveysariya ta'lim standartlari asosida mehmondo'stlik sohasiga yuqori malakali kadrlarni yetishtirib berishga ixtisoslashgan. Mazkur oliy ta'lim muassasasi, QS ta'lim reytingida mehmondo'stlik sanoati yo'nalishida jahonda 2-o'rinda qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish