Logo

"El Espectador": O'zbekiston boy tarixiy merosi, milliy an'analari va tabiiy landshaftlarining xilma-xilligi bilan sayyohlarni faol jalb qilmoqda

May 27, 2025. 09:29 • 2 daq

47
"El Espectador": O'zbekiston boy tarixiy merosi, milliy an'analari va tabiiy landshaftlarining xilma-xilligi bilan sayyohlarni faol jalb qilmoqda

BOGOTA, 27-may. /"Dunyo" AA/. Kolumbiyaning yetakchi "El Espectador" elektron nashrida "O'zbekistonga sayohat qilishni rejalashtiryapsizmi? Bu joylarni shunchaki o'tkazib yubormaslik kerak!" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston o'zining boy madaniy va tarixiy merosi, barqaror turizm tamoyillariga sodiqligi hamda qadimiy Buyuk ipak yo'lida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari bilan butun dunyo sayyohlarini o'ziga jalb qilayotgani ta'kidlangan.

"Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston qadimiy Buyuk ipak yo'lida joylashgan asosiy mamlakatlardan biri bo'lib, milliy an'analari, mehmondo'stligi va tabiiy landshaftlarining xilma-xilligi bilan ham sayyohlar e'tiborini jalb etmoqda", – deb yozilgan manbada.

Qayd etilganidek, O'zbekistonning o'sib borayotgan jozibadorligining asosiy omillaridan biri – bu mamlakatning xavfsiz va ishonchli sayyohlik yo'nalishi sifatidagi imijini mustahkamlash yo'lida amalga oshirilgan islohotlardir. O'zbekistonning "BMT Turizm" (Butunjahon turizm tashkiloti)ning Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksiga 26-davlat sifatida qo'shilishi bu borada ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi.

"Qo'yilgan maqsadlarga erishish uchun O'zbekiston "ochiq eshiklar" siyosatini amalga oshirib, 100 ga yaqin mamlakat fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi. Yana 55 ta davlat, shu jumladan, Kolumbiya aholisi uchun mazkur mamlakatga vizani tez va qulay – onlayn tarzda atigi 20 dollarga olish mumkin. Bu chora-tadbirlar infratuzilmaga davlat tomonidan keng ko'lamli sarmoyalar kiritish bilan baravar kechmoqda. Xususan, so'nggi ikki yil ichida tarixiy obidalarni ta'mirlash, yo'llar, ko'priklar, energiya va suv ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish uchun 1 milliard AQSH dollari miqdorida mablag' ajratildi. Davlat tomonidan amalga oshirilgan ushbu tashabbus natijasida 2 milliard AQSH dollaridan ortiq xususiy investitsiyalar jalb qilindi, bu esa, o'z navbatida, turizm sohasining rivojlanishini tezlashtirdi", – deb qayd etgan Kolumbiya OAV.

Shuningdek, "El Espectador" o'z o'quvchilarini Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarining diqqatga sazovor joylari, madaniy merosi va milliy hunarmandchiligi bilan tanishtirgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish