Italiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan to'g'ridan-to'g'ri logistika yo'nalishlarini o'rnatishga qiziqish bildirmoqda
Mart 10, 2024. 07:57 • 4 daq
• 240
RIM, 10-mart. /"Dunyo" AA/. Italiya Parlamenti Senatida "O'rta yo'lak: Italiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo o'rtasidagi xavfsiz tranzit yo'nalishi" mavzusida konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Italiya Osiyo instituti (ISIA) tomonidan tashkil etilgan anjumanda Italiya tashqi ishlar va xaqaro hamkorlik vaziri o'rinbosari Edmondo Chiriyelli, parlament a'zolari va tahlilchilari, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Konferensiyani ochar ekan, uning asosiy tashabbuskorlaridan biri, Italiya parlamenti har ikki palatasining Mintaqaviy aloqalar komissiyasi raisi, senator Franchesko Silvestro italyan biznesi bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasini qayta kashf etishi kerakligini ta'kidladi. Ushbu mintaqa bilan Italiya eksportining 2 milliard dollardan oshgani ham shundan dalolat beradi.
"Sanoatchilarimiz o'z e'tiborini Markaziy Osiyo respublikalarining ishlab chiqarish quvvatlari va energetika resurslariga qaratishi kerak. O'z navbatida, Italiya ushbu mamlakatlarning rivojlanayotgan iqtisodiyotiga nou-xaularni yetkazib berish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Ishonchim komilki, bunday hamkorlik o'ta muhim va o'zaro manfaatli natijalarga olib kelishi mumkin", - dedi u.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning "O'rta yo'lak" deb ham ataladigan Transkaspiy xalqaro transport yo'nalishini ilgari surish bo'yicha ijobiy va samarali tajribasi muhokama qilindi.
Ma'ruzachilarga ko'ra, ushbu yo'nalish yangi geosiyosiy voqeliklar sharoitida Osiyo va Yevropa o'rtasidagi xalqaro savdo yo'llariga dolzarb muqobildir, shuningdek, ushbu fonda Italiya va butun Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalari bilan ko'p qirrali savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashmoqda.
Xususan, ISIA instituti prezidenti Mario Morgoni Transkaspiy xalqaro transport yo'nalishini Italiyani butun Sharqiy Osiyo bilan bog'lashi kerak bo'lgan strategik multimodal transport va energiya koridori sifatida ko'rishini ma'lum qildi. Shu nuqtai nazardan, u Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston va Turkiya tomonidan 2022 yil noyabr oyida Oqtov shahrida qabul qilingan savdodagi to'siqlarni bir vaqtda bartaraf etish hamda 2022-2027 yillarga mo'ljallangan "O'rta yo'lak"ni rivojlantirish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ning muhimligini ta'kidladi. Loyihaning amalga oshirilishi Transkaspiy yo'lagining o'tkazish qobiliyatini 2025 yilga borib 10 million tonna yukga yetkazadi. Mario Morgoni, shuningdek, Yevropa Ittifoqining 2024 yil yanvar oyida Markaziy Osiyoda "Global Gateway" tashabbusi doirasida barqaror transport aloqasini qo'llab-quvvatlashga 10 milliard yevro sarmoya kiritish to'g'risidagi qarorini alohida qayd etdi.
Italiya TIV rahbarining o'rinbosari Edmondo Chiriyelli Italiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanini bildirdi.
"Italiya transport infratuzilmasini rivojlantirishga o'zining fundamental hissasini qo'shishga hamda butun mintaqa iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlashga tayyor", u.
Shuningdek, Edmondo Chiriyelli Italiyaning Markaziy Osiyo bilan suvdan oqilona foydalanish, Orolbo'yi aholisiga tegishli ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ko'maklashish kabi dolzarb yo'nalishlarda hamkorlik qilish qat'iy niyatini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Italiya mintaqa davlatlari duch kelayotgan dolzarb muammolarni hal etish bo'yicha tajriba loyihalarini amalga oshirishda texnik va moliyaviy yordam ko'rsatish orqali Orolbo'yi mamlakatlari uchun keng qamrovli loyihani amalga oshirish niyatida.
Anjumanda, shuningdek, Italiya Yevropa siyosati doimiy qo'mitasi raisi, sobiq tashqi ishlar vaziri, senator Julio Tersi Di Sant'Agata ma'ruza qildi. "Bizning sivilizatsiyamiz aynan Kavkaz va Markaziy Osiyoda boshlangan va o'sha yerda uning gullagan davri bo'ldi", dedi senator.
Konferensiyada O'zbekiston Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon elchilari ham so'zga chiqdilar.
Mamlakatimiz elchisi Abat Fayzullayev o'z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2035-yilgacha O'zbekiston transport tizimini rivojlantirish strategiyasi qabul qilinganini ta'kidladi. Unda Transkaspiy yo'lagini tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilangani qayd etildi. Anjuman ishtirokchilariga respublikada yuklarni tashish va qayta ishlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida erishilgan yutuqlar haqida ma'lumot berildi. Turkiya bilan hamkorlikda "E-Permit" avtorizatsiya blankalarini elektron almashish, Ozarbayjon bilan "E-Tir" tizimi, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan "digital-TIR" tizimi joriy etilgani ta'kidlandi. Xuddi shunday amaliyotni butun "O'rta yo'lak" bo'ylab joriy etish taklifi ham ilgari surildi.
Darhaqiqat, yangi logistika yo'nalishlarini qurish respublika uchun dolzarbdir. O'zbekiston va uning hamkor davlatlari tomonidan "Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" va "Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar" temir yo'llari qurilishi loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kelgusida ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan Transkaspiy yo'lagi bo'ylab yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshishi shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi