Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston-Malayziya turizm forumi bo'lib o'tdi
Aprel 21, 2025. 18:35 • 2 daq
• 136
KUALA-LUMPUR, 21-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston-Malayziya turizm forumi va "B2B" shaklidagi uchrashuvlarni tashkil qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur tadbir Malayziyadagi eng yirik sayyohlik ko'rgazmasi – "MATTA Fair" oldidan ushbu mamlakat turoperatorlarini O'zbekistonning turistik salohiyati bilan yanada yaqindan tanishtirish maqsadida o'tkazildi.
Unda Kuala-Lumpur shahri meri o'rinbosari Ismadi bin Sakirin, Malayziya Islom turizmi markazi direktori Nur Alisa Koralin Yussin, "Tourism Malaysia" agentligi, "BUMITRA" va "PAPUH" turizm assotsiatsiyalari rahbarlari va mahalliy sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga O'zbekistonda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Samarqand viloyat hokimi o'rinbosari Rustam Kobilov ishtirokchilarga mamlakatimizda musulmon sayyohlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to'g'risida so'zlab berdi.
Tadbir davomida O'zbekistonning tarixiy va sayyohlik markazlari, Samarqand viloyatining turizm dasturlari, jumladan "madaniy turizm", "ziyorat turizmi", "Umra+", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlari taqdim qilindi.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyaci vakillari O'zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida aviakompaniyaning to'g'ridan-to'g'ri qatnovlari mavjudligi haqida axborot berishdi.
Ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasida o'tkazilgan "B2B" shaklidagi uchrashuvlar davomida O'zbekistonga malayziyalik sayyohlar oqimini yanada oshirish va turizm dasturlari bo'yicha fikr almashildi.
Respublika "Hunarmand" uyushmasi a'zolari ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy san'at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko'rgazma-savdosi o'tkazildi. Shuningdek, o'zbek gastronomik turizm salohiyatini namoyish qilish maqsadida tadbir doirasida milliy taomlar, shu jumladan Samarqand palovi tayyorlandi.
O'zbekiston-Malayziya turizm forumi yakunida birgalikda yangi turpaketlarni ishlab chiqish orqali yurtimizga sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi