Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi: O'zbekiston rossiyalik sayyohlar orasida tobora ommalashib bormoqda
Aprel 27, 2025. 13:38 • 2 daq
• 63
MOSKVA, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi axborotnomasida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston rossiyalik sayyohlar orasida tobora ommalashib borayotgani ma'lum qilingan.
Assotsiatsiya ma'lumotiga ko'ra, 2025-yilning birinchi choragida talab o'tgan yilning shu davriga nisbatan besh baravar oshgan. "Turizm sohasi mutaxassislari O'zbekistonga sayyohlar oqimining o'sishini bir qancha omillar bilan bog'lamoqda. Ularga ko'ra, turizm mahsulotlaridan tortib, mamlakat sayyohlik infratuzilmasining rivojlanishigacha bo'lgan asosiy jihatlar turistlarni faol jalb qilayapti", – deyilgan maqolada.
Qayd etilishicha, Rossiya turoperatorlari O'zbekiston Markaziy Osiyoning TOP sayyohlik yo'nalishlariga ishonch bilan kirgani, sayyohlar uchun yildan-yilga qulay bo'lib borayotganini ta'kidlamoqda. So'nggi yillardagi muhim voqealardan biri Samarqand shahrida yangi xalqaro aeroportning ochilishi bo'ldi. U yiliga ikki milliongacha yo'lovchiga xizmat ko'rsatadi.
"O'zbekistonda so'nggi ikki yilda 200 dan ortiq yangi mehmonxona va mehmon uylari qurilib, foydalanishga topshirildi. Toshkent, Samarqand va Buxoroda Marriott, Hilton, Accor va Hyatt kabi mashhur xalqaro brendlar o'z mehmonxonalarini ochmoqda. Tarixiy markazlarda qiziqarli butik mehmonxonalar paydo bo'lmoqda. Sayyohlarda narx, format va xizmat ko'rsatish darajasi bo'yicha tanlov bor", – deb ta'kidlangan nashrda.
Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi, ayniqsa, mamlakatimizda yangi kurort zonalari ochilayotganini alohida urg'ulamoqda. Masalan, Chorvoq, Zarafshon, Zomin, Bo'stonliq tumanlarining tog'li hududlarida zamonaviy sanatoriylar, ekomehmonxonalar va termal buloqlar bilan jihozlangan majmualar, oromgohlar va velosiped yo'laklari bunyod etilyapti.
"Transport tizimi ham ancha yaxshilangan. Toshkent, Samarqand, Buxoroni o'zaro bog'laydigan "Afrosiyob" tezyurar poyezdi tez orada Xivaga Yevropa darajasidagi qulaylik bilan qatnay boshlaydi. Magistral yo'llarni rekonstruksiya qilish davom etmoqda, yangi transport uzellari, chiptalarni bron qilish IT tizimlari, elektron gidlar va sayyohlik mobilm ilovalari paydo bo'lmoqda", – deb yozilgan manbada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi