Logo

Janubiy Koreyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Dashtlar so'zlaydi: Markaziy Osiyoning chuqur qalbidan 12 hikoya" nomli kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi

May 02, 2025. 07:11 • 4 daq

49
Janubiy Koreyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Dashtlar so'zlaydi: Markaziy Osiyoning chuqur qalbidan 12 hikoya" nomli kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi

SЕUL, 2-may. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida O'zbekiston sayyohlik salohiyati va Chongdju universiteti professori Kim Chu Yongning "Dashtlar so'zlaydi: Markaziy Osiyoning chuqur qalbidan 12 hikoya" nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu mamlakatdagi elchixonalari va "Koreya – Markaziy Osiyo" hamkorlik forumi kotibiyati bilan birgalikda tashkil etilgan taqdimot tadbirida Koreya Respublikaning sayyohlik kompaniyalari, OAV xodimlari, bloger va yutuberlar qatnashdi.

"Koreya – Markaziy Osiyo" hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Ri Chon Kuk tadbir avvalidagi nutqida Buyuk ipak yo'lining rivojlanishi va gullab-yashnashi hamda uning dunyo sivilizatsiyasiga qo'shgan ulkan hissasini alohida ta’kidlar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston shaharlarining o'ziga xos tarixiy o'rni va beqiyos ahamiyatini e’tirof etdi. Uning aytishicha, bu mintaqa asrlar davomida faqat geografik emas, balki madaniy va iqtisodiy ko'prik sifatida ham xizmat qilgan. 

Ri Chon Kuk, shuningdek, Koreya Respublikasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi munosabatlarning bugungi kungi aloqalarini yuqori baholadi. 

"Bunday yaqin aloqalar nafaqat ikki tomonlama rivojlanishga, balki mintaqada tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Kelgusida ham tarixiy do'stlik va strategik sheriklik asosida yanada keng qamrovli va samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish zarur", dedi u.

O'zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov mamlakatimizda turizm sohasida so'nggi yillarda olib borilgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan turizm sohasida o'rnatilgan hamkorlik aloqalari, mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko'rsatish bo'yicha sharoitlar, ularning xavfsizligi ta’minlashda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil so'z yuritdi. 

Kitob muallifi Kim Chu Yong o'z navbatida, O'zbekiston haqida gapirar ekan, bu yurt unda o'chmas taassurot qoldirganini ta’kidladi. U O'zbekistonni qadimiy sivilizatsiyalar beshigi, noyob me’morchilik obidalari va samimiy insonlar yurti sifatida tasvirladi. 

"O'zbekistonga safarim chog'ida Buxoro, Samarqand, Toshkent va Nukus kabi shaharlarida bo'ldim. Har bir manzil menda o'zimni tarix bilan yuzma-yuz kelgandek his qildim. Ayniqsa, Nukus shahridagi Savitskiy muzeyi meni juda hayratga solgan. Bu muzeyni "cho'lning qa’rida yashiringan ma’naviy xazina" deb atash mumkin va u yerdagi asarlar go'zallikning beqiyos ifodasidir", dedi professor Kim Chu Yong.

Muallif O'zbekiston xalqi haqida to'xtalar ekan, u bu xalqni buyuk yozuvchilar, donolar, dostonchilar va san’atkorlar merosini asrab-avaylab kelayotgan, yuksak ma’naviyat sohiblari sifatida tasvirladi. 

"O'zbekiston xalqini yuksak ma’naviyatga ega, milliy adabiyot va madaniyat merosini saqlab qolish hamda rivojlantirishda faol ishtirok etuvchi xalq sifatida baholayman. Men "Alpomish" eposi va Baxshining o'ziga xos yuksak falsafasi va xalq ruhiyatini yorituvchi qudratidan ta’sirlandim. Shuningdek, Alisher Navoiyning asarlari orqali mening qalbimda uzoq muddat yashaydigan tafakkur va ilhom paydo bo'ldi", deya qayd etdi yozuvchi.

Tadbir davomida, shuningdek, O'zbekistonning diqqatga sazovor sayyohlik yo'nalishlari, YUNЕSKO madaniy me’rosi ro'yxatidan joy olgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi.

Ishtirokchilar O'zbekistonda turizmning ziyorat, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, sanoat, ishbilarmonlik, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida ma’lumotlardan ham voqif bo'ldi. Qatnashchilarga mahalliy tilda chop etilgan O'zbekiston turizm imkoniyatlari to'g'risidagi bukletlar va boshqa tarqatma materiallar taqdim etildi.

Li Song Kyu, sayyohlik sohasi bo'yicha ekspert:

 – Yuqori darajada tashkil etilgan tadbir chog'ida O'zbekiston haqidagi ko'pgina yangi ma’lumotlardan xabardor bo'ldik. Ayniqsa, respublikada sayyohlik sohasini rivojlantirishga yo'naltirilgan muhim chora-tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi bilan bog'liq ma’lumotlar bizda katta qiziqish uyg'otdi. Shubha yo'qki, mamlakat va uning mintaqalaridagi sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilayotgan bunday e’tibor janubiy koreyalik sayyohlar qiziqishini yanada oshirishga hamda turistlar oqimini ko'paytirishga xizmat qiladi.

 Li Chong Yun, "Diplomatic Journal" jurnalining rahbari:

– Markaziy Osiyo va Janubiy Koreyaning ko'plab tarixiy shaharlarida saqlanib qolgan buddaviylik merosi bugungi kunda davlatlar o'rtasida madaniy ko'prik bo'lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, ushbu meros mamlakatlarimiz o'rtasidagi turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar manbai hisoblanadi.

Li Chu Von, "World Peace Culture Center" markazi direktori: 

– Mening O'zbekistonga bo'lgan qiziqishim tobora ortib bormoqda. Bugungi tadbir orqali men barcha eshitganlarimni ko'rish va his etish imkoniga ega bo'ldim. Shuningdek, yurtingiz madaniyati va sayyohlik imkoniyatlari bilan janubiy koreyalik yoshlarni tanishtirmoqchiman. Kelgusida, albatta O'zbekistonga boraman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish