O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi “Diplomatik mahorat” mukofotiga sazovor bo‘ldi
Iyun 12, 2026. 19:00 • 2 daq
• 156
KUALA-LUMPUR, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Malayziya poytaxtida Janubi-Sharqiy Osiyoning yetakchi raqamli “AsiaOne” mediakompaniyasining yillik ijtimoiy-iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziya hukumati a’zolari, Osiyo davlatlari vakillari, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ishbilarmon doiralari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi rivojlanish tendensiyalari, xalqaro maydondagi yutuqlari hamda davlatimiz rahbari boshchiligida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar va turizm salohiyatini keng namoyon etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
“AsiaOne” mediakompaniyasi platformasi o‘zining har yili turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdim etiladigan “Osiyodagi eng yirik brendlar va yetakchilar” mukofoti bilan Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda yaxshi tanilgan. Ushbu mukofotga nomzodlar mediakompaniya tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqotlar, qator ekspertlar bahosi va sohaviy tahlillar asosida saralanadi.
Tadbir doirasida “AsiaOne” jurnali tomonidan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomidin Gadoyev “Diplomatik mahorat” nominatsiyasi bo‘yicha 2026-yil g‘olibi deb topilgani e’lon qilindi va unga maxsus sovrin topshirildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur mukofot so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo, sayyohlik hamda madaniy-gumanitar aloqalarning izchil rivojlanib borayotganining e’tirofidir.
Forum davomida mediakompaniya vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston tomoni va mazkur nashr o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jumladan, jurnal rahbariyati nashrning keyingi sonlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus maqola chop etishga tayyorligini bildirdi.
“AsiaOne” mediakompaniyasi 1995-yilda tashkil etilgan ilk raqamli axborot platformalaridan biri bo‘lib, asosan biznes, iqtisodiyot, siyosat, investitsiya va liderlik mavzulariga ixtisoslashgan. Tashkilot qarorgohi Singapurda joylashgan. Asosiy auditoriyasi ASЕAN mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va boshqa Osiyo davlatlaridagi 100 milliondan ziyod biznes doiralari vakillarini qamrab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi