O‘zbek rassomlari asarlari Shanxaydagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi
Iyun 12, 2026. 18:30 • 2 daq
• 4SHANXAY, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Shanxayda 11–12-iyun kunlari XVI Xalqaro an’anaviy tasviriy san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Shanxayning Channin rayoni administratsiyasi, San’at to‘plamlari muzeyi, Xalqaro ko‘rgazmalar markazi hamda Xalq hukumati Madaniyat va turizm byurosi tomonidan tashkil etildi.
Forumda Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Armaniston, Yaponiya, Qatar, Pokiston, Xorvatiya va Chexiya kabi 30 dan ortiq mamlakatdan 150 nafarga yaqin taniqli rassom, amaliy san’at ustasi va ekspertlar ishtirok etdi. O‘zbekiston nomidan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Bahrom Hasanov qatnashdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi taqdimoti hamda o‘zbek rassomlari asarlarining ekspozitsiyasi bo‘lib o‘tdi. Taqdim etilgan ijod namunalari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Shanxay badiiy kolleksiyalar muzeyi direktori Xu Muchin o‘zbek ekspozitsiyasi o‘ziga xosligi va boy madaniy mazmuni bilan ko‘plab mehmonlar e’tiborini tortganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy san’at chegara bilmaydi va bunday ko‘rgazmalar Sharq va G‘arb xalqlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuv uchun muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari o‘zbek ustalarining asarlari chuqur falsafasi, yorqin badiiy ifodasi va rang-barangligi bilan ajralib turishini qayd etdi.
Tadbir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

