Chilida kuchli jala natijasida 10 kishi vafot etdi, mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilindi

Iyul 23, 2026. 14:00 • 2 daq

112
Chilida kuchli jala natijasida 10 kishi vafot etdi, mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilindi
“AP” surati

SANTYAGO, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Chilida bir haftadan beri davom etayotgan jala kamida 10 kishining umriga zomin bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligi maʼlumotlariga tayanib.

Prezident Xose Antonio Kast hukumati so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik tabiiy ofat tufayli mamlakatda favqulodda holat eʼlon qildi. Odatda qurg‘oqchil bo‘ladigan Atakama va Kokimbo shimoliy viloyatlarida kuchli yomg‘ir va shiddatli shamol davom etmoqda. Hukumat toshqinlar natijasida aloqadan uzilib qolgan 100 mingdan ortiq aholiga yordam berishga bor eʼtiborini qaratgan.

Rasmiylarning maʼlum qilishicha, bo‘ronlar oqibatida 16 kishi jarohatlangan, 4 mingdan ortiq odam o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Ulardan 1031 nafari favqulodda boshpanalarda jon saqlamoqda. Yana minglab odamlar elektr energiyasi va ichimlik suvisiz qolgan.

Yog‘ingarchilik hozirga qadar 81 ta uyni butunlay vayron qilgan va 20 mingdan ortiq xonadonga zarar yetkazgan. Chilining tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy xizmati – “Senapred” mamlakatning 16 ta viloyatidan 10 tasiga yuzlab evakuatsiya haqidagi ogohlantirishlarni yubordi.

“Senapred” xabariga ko‘ra, toshgan daryolar va suv bosgan yo‘llar tufayli 104 271 kishi qamalib qolgan. Agentlikning ogohlantirishicha, yog‘ingarchilik kamaygan bo‘lsa-da, daryolardagi suv sathi xavfli darajada saqlanib qolmoqda.

“Daryolardagi suv sathi yog‘ingarchilik bilan bir vaqtning o‘zida ko‘tarilishi shart emas. Suv tog‘oldi hududlarida to‘planadi. Bu esa bo‘ron o‘tib ketganidan keyin ham bir necha soat davomida daryolardagi suv sathi ko‘tarilishda davom etishi mumkinligini anglatadi”, – dedi “Senapred” rahbari Alisiya Sebrian.

Meteorologlar Chilidagi kuchli yog‘ingarchilikni Tinch okeanida tabiiy ravishda yuzaga keladigan, haroratni oshirib, ekstremal ob-havo hodisalariga sabab bo‘ladigan kuchli “El-Nino” hodisasining qaytishi bilan izohlamoqda. “El-Nino” odatda Janubiy Amerikada har 2–7 yilda bir marta kuzatilib, kuchli yog‘ingarchilik ko‘pincha bir necha oygacha davom etishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish