Yilning birinchi yarmida qariyb 35,5 ming nafar xorijlik davolanish uchun O‘zbekistonni tanladi

Iyul 23, 2026. 12:30 • 2 daq

68
Yilning birinchi yarmida qariyb 35,5 ming nafar xorijlik davolanish uchun O‘zbekistonni tanladi

TOSHKENT, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida O‘zbekistonga 35 ming 401 nafar xorij fuqarosi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, xorijiy bemorlarning asosiy qismini Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar fuqarolari tashkil etdi. Xususan, Tojikistondan 19 ming 96 nafar, Qirg‘izistondan 9 ming 552 nafar, Qozog‘istondan esa 4 ming 582 nafar fuqaro davolanish uchun mamlakatimizga kelgan.

Bundan tashqari, yilning birinchi yarmida Afg‘onistonning 1 280 nafar, Rossiyaning 772 nafar va boshqa mamlakatlarning 119 nafar fuqarosi respublikamizda tibbiy xizmatlardan foydalandi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda davolanish maqsadida O‘zbekistonga 86 mingdan ortiq xorijlik tashrif buyurgan edi.

Statistik maʼlumotlar xorij fuqarolari o‘rtasida O‘zbekiston tibbiy xizmatlariga bo‘lgan yuqori talab saqlanib qolayotganini aks ettiradi hamda tibbiy turizmining izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Mutaxassislarning fikricha, kirish tibbiy turizmidagi bunday dinamika O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining muntazam modernizatsiya qilinishi, zamonaviy ko‘p tarmoqli va ixtisoslashtirilgan klinikalar tarmog‘ining kengayishi, tashxis qo‘yish va davolashning ilg‘or usullari joriy etilishi hamda tibbiy servis sifatining oshishi natijasidir. Xorijiy bemorlar sonining ortishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi istiqbolli tibbiy turizm markazi sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlashga, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga va mintaqa mamlakatlari bilan gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish