Qirg‘iz matbuoti: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida suv sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi
Iyul 23, 2026. 13:00 • 2 daq
• 85
BISHKEK, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance-press” axborot portalida “O‘zbekiston–Qirg‘iziston: suv sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi va istiqbollari” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor tamoyillariga aylandi.
Buning natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy ishonch muhiti shakllanib, suv resurslaridan foydalanish masalasida ham tub burilish yuz berdi. Bugungi kunda suv resurslari kelishmovchilik manbai emas, balki mintaqaviy rivojlanish va barqarorlikka xizmat qiluvchi umumiy boylik sifatida qaralmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi suv sohasidagi munosabatlar 2017-yildan boshlab yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2017-yil 6-oktyabrda Kosonsoy (O‘rto-Toqoy) suv omboridan davlatlararo foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha imzolangan bitim ikki tomonlama munosabatlarni uzoq muddatli tizimga o‘tkazishda muhim qadam bo‘ldi. Hozirda tashkil etilgan qo‘shma komissiya suv omborini ekspluatatsiya qilish va suv oqizish jadvallarini doimiy muvofiqlashtirib bormoqda.
Shuningdek, nashr O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uch tomonlama suv-energetika hamkorligiga alohida to‘xtalgan. 2021-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan muntazam uchrashuvlar doirasida Toqtog‘ul suv omboridan vegetatsiya davrida So‘g‘d va Sirdaryo havzalariga qo‘shimcha suv chiqarish hamda kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha samarali mexanizm yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 20-iyun kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uch tomonlama uchrashuvda 2026-yilgi vegetatsiya mavsumi uchun suv chiqarish va elektr energiyasi yetkazib berish hajmlari bo‘yicha yangi Bayonnoma imzolangani ham alohida qayd etilgan.
Maqola yakunida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb eʼlon qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi mintaqaviy barqarorlik va suv resurslarini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi