Eron keskin mojaro fonida Quvaytdagi Amerika bazasiga javob zarbasi berdi

Iyun 01, 2026. 14:25 • 2 daq

89
Eron keskin mojaro fonida Quvaytdagi Amerika bazasiga javob zarbasi berdi

VASHINGTON–TEHRON, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH dam olish kunlari Eronning harbiy obyektlariga zarba berganini eʼlon qildi, o‘z navbatida Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) bugun Amerikaning harbiy bazasiga javob hujumi uyushtirganini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Zarbalar almashinuvi yana-da barqarorroq kelishuvga erishish bo‘yicha davom etayotgan muzokaralar fonida yuz berdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) maʼlumotlariga ko‘ra, zarbalar Fors ko‘rfazi sohilidagi obyektlarga “Eronning tajovuzkor harakatlari, jumladan, xalqaro suvlarda harakatlanayotgan Amerikaning MQ-1 uchuvchisiz apparatining urib tushirilishi”ga javoban berilgan. Qo‘mondonlik AQSH sulh sharoitida o‘z kuchlari va manfaatlarini himoya qilishda davom etishini taʼkidladi.

Bunga javoban IIPK AQSH aviabazasiga hujum qilganini, biroq uning joylashuviga aniqlik kiritmaganini maʼlum qildi. “KUNA” agentligining xabar berishicha, yirik Amerika bazasi joylashgan Kuvaytda havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalar va dronlarni tutib olgan, mamlakat bo‘ylab esa ogohlantirish sirenalari yangragan. Tafsilotlar oshkor qilinmadi.

28-fevral kuni AQSH va Isroil ishtirokida boshlangan mojaro asosan Eron va Livanda minglab qurbonlarga olib keldi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar tufayli neft narxining oshishiga sabab bo‘ldi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Eronning “kelishuv tuzishga haqiqqatan ham xohishi borligini” aytib, muzokaralar haqidagi salbiy izohlari uchun Eron tomonini tanqid qildi. “Shunchaki bemalol joylashib, xotirjam bo‘ling, oxir-oqibat hammasi yaxshi bo‘ladi – doim shunday bo‘lgan!” – deb yozdi u.

Isroilning Livanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhiga qarshi olib borayotgan urushi keskinlikning qo‘shimcha bir omili bo‘lib qolmoqda. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu kecha ushbu guruhga qarshi harbiy harakatlar doirasida qo‘shinlarga Livan ichkarisiga chuqurroq kirib borishni buyurganini maʼlum qildi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Livan Prezidenti Jozef Aun va Isroil Bosh vaziri bilan Isroil va Livan o‘rtasidagi diplomatik jarayon yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, “vaziyatni bosqichma-bosqich yumshatish” sxemasi taklif qilingan.

“Al Jazeera” telekanali surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish