Laos SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini oldi

Iyul 11, 2026. 13:30 • 2 daq

156
Laos SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini oldi

PEKIN, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) Kotibiyatida Laos Xalq Demokratik Respublikasiga tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kotibiyat maʼlumotiga ko‘ra, hujjatni tashkilot bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va Laos bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Txongsavan Fomvixan imzoladi.

Shu munosbat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Nurlan Yermekbayev Laos tomonini yangi maqomning rasmiylashtirilgani bilan tabriklab, Vyentyan tashkilotning ko‘p qirrali kun tartibini amalga oshirishda faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Bosh kotib, shuningdek, suhbatdoshiga SHHT faoliyatining dolzarb masalalari va tashkilotning Bishkekda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni haqida so‘zlab berdi.

O‘z navbatida, Laos TIV rahbari SHHTning xalqaro maydondagi rolini yuqori baholab, mamlakati tashkilot doirasidagi hamkorlikka katta ahamiyat berayotganini taʼkidladi. Tomonlar imzolangan memorandumni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy qadamlarni hamda SHHT va ASEAN o‘rtasidagi sheriklik masalalarini ham muhokama qildi.

Tantanali marosimda SHHTga aʼzo davlatlarning tashkilot Kotibiyati huzuridagi doimiy vakillari, Xitoyda akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar, aʼzo mamlakatlar va muloqot bo‘yicha sheriklar diplomatik missiyalarining xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston SHHTga aʼzo davlatlar hisoblanadi.

Laosning qo‘shilishidan keyin SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari soni o‘n beshtaga yetdi. Ular qatoridan Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuveyt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Shri-Lanka va Turkiya joy olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish