Donald Tramp: Muhtaram O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ajoyib o‘zbek ayvonlari uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman
Noyabr 25, 2026. 16:00 • 2 daq
• 266
TOSHKЕNT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Donald Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Mamlakatimiz mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan menga tuhfa etilgan ajoyib o‘zbek ayvonlari uchun O‘zbekistonning yuksak hurmatga sazovor Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. O‘tgan hafta O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov va AQSh ichki ishlar vaziri Duglas Bergum ishtirokida bo‘lib o‘tgan ayvonlarning ochilish marosimi vaqtida “Marine One” vertolyotida ushbu hudud uzra parvoz qilish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Ayvonlar haqiqatan ham hayratlanarli darajada go‘zal!”, – deya yozgan Oq uy rahbari.
Donald Trampning qayd etishicha, o‘zbek mohir hunarmandlari bir necha oy davomida O‘zbekistondagi oilalaridan uzoqda bo‘lib, murakkab ob-havo sharoitida 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtlari yog‘ochidan ushbu ayvonlarni yuksak mahorat bilan bunyod etgan. Ular chinakam iste’dod sohibidir.
“Ushbu tuhfani shaxsiy mulk sifatida saqlash o‘rniga, men bu go‘zal ayvonlarni keng jamoatchilikka taqdim etishga qaror qildim. Ular hozirda xavfsiz va go‘zal poytaxtimizda, “Tidal Basin” suv havzasi bo‘yida, Tomas Jefferson va Jorj Vashington yodgorliklari manzarasi ochiladigan joyda qad rostladi”, – degan AQSh Prezidenti.
Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, bir yildan so‘ng, Milliy qahramonlar bog‘i ochilgach, ushbu ayvonlar turmush qurish takliflarini bildirish, diplomatik qabullar o‘tkazish, sakura gullari festivali davomida fotosessiyalar tashkil etish hamda “Tidal Basin” hududiga kundalik tashriflar uchun shaharning eng mashhur maskanlaridan biriga aylanadi.
“Buyuk o‘zbek hunarmandlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va AQSh Milliy bog‘lar xizmatiga ham o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Biz Vashingtonni har qachongidan ham go‘zal shaharga aylantirmoqdamiz!”, – deya fikr bildirgan AQSh Prezidenti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi